TIVga “rus uyi” faoliyati bo‘yicha so‘rov yuboriladi

Jamiyat

image
Qonli sovet bayrog‘i bilan provokatsiya qiluvchilarni xalqimiz tanib bo‘ldi – Alisher Qodirov north_east

Qonli sovet bayrog‘i bilan provokatsiya qiluvchilarni xalqimiz tanib bo‘ldi – Alisher Qodirov

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga Rossotrudnichestvo (“rus uyi”) faoliyatini tahlil qilish haqida so‘rov yuboriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.

“Tashqi ishlar vazirligiga Rossotrudnichestvo faoliyatini tahlil qilish haqida so‘rov yubormoqchimiz”, deb yozdi deputat o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi maktablardan birining direktori o‘qituvchini o‘quvchilari “Katyusha” va “Smuglyanka” qo‘shiqlarini kuylamoqchi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatgani va maktabda Xotira va qadrlash kuni tadbirlari o‘tkazilmagani haqida xabarlar fonida yangradi. Shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha,  boshlang‘ich ta’lim fani o‘qituvchisi joriy yilning 8 may kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan 4-“G” sinf o‘quvchilari bilan maktab ma’muriyatini ogohlantirmasdan dars jadvalida birinchi soatda ko‘rsatilgan matematika fani darsini o‘tmasdan o‘zboshimchalik bilan Xotira va qadrlash kunini nishonlashga uringan. Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘qituvchini dars mahalida bunaqa tadbir o‘tkazishi mumkin emasligi haqida yana bir bor ogohlantirgan. Bu kabi tadbirlar darsdan keyin o‘tkazilishi zarurligini, agar o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, o‘qituvchi ishdan bo‘shash uchun ariza yozishi lozimligini bildirgan.

“Bog‘cha va maktablarda bolalarning ongostiga o‘zligimiz xo‘rlangan sovet davriga sog‘inch, ajdodlarimizni qirg‘in qilgan imperialistik ramzlarga muhabbatni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi zarur”, deydi Alisher Qodirov mazkur vaziyatga izoh berar ekan.

Shuningdek, u O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablar tashqi propoganda targ‘iboti uchun emas, balki bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida, o‘zligiga mehr va sadoqat bilan tarbiyalash uchun kerak ekanini qo‘shimcha qilgan va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan bu masalada izoh so‘ralishini bildirgan.

“Non berib qo‘lidan ayrilgan xalqmiz, yaxshi niyatimiz suiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak”, deydi deputat.

Ma’lumot uchun, “Rossotrudnichestvo” MDHning bir qancha mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham mavjud. “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi o‘z faoliyatini Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi umumiy rahbarligi va nazorati ostida amalga oshirishi belgilangan. Tashkilot rasmiy saytida yozilishicha, “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati 2001 yildan buyon shu yerda faoliyat olib boradigan Rossiya fan va madaniyat markazi negizida quyidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlar, do‘stlik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi 1992 yil 30 maydagi shartnoma;
  • Rossiya Federatsiyasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida 1998 yil 6 maydagi axborot-madaniy markazlarni tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risidagi bitim;
  • Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2009 yil 13 noyabrdagi 1283-sonli “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishlari bo‘yicha Federal agentligi, chet elda yashovchi vatandoshlar va Rossiya Federatsiyasidan tashqarida xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha vakolatxonalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni.

Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Rossotrudnichestvo rus uyi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing