TIV Ukrainaga ketishni rejalashtirayotganlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2020
5571O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ukraina Respublikasiga ketishni rejalashtirayotganlarga ogohlantirish bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, Ukraina Hukumatining qarori bilan joriy yilning 29 sentyabridan chet el fuqarolarining ushbu mamlakatga kirish tartibi o‘zgartirilgan.
Bundan buyon xorijiy davlatlar fuqarolari Ukraina chegarasini kesib o‘tishda Ukrainada ro‘yxatdan o‘tgan yoki mazkur mamlakatda vakolatxonasiga ega bo‘lgan yohud ukrainalik shirkat bilan shartnoma tuzgan sug‘urta kompaniyasi tomonidan berilgan sug‘urta polisiga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Sug‘urta chet el fuqarosining COVID-19 ga chalinganida davolanish xarajatlarini qoplashi va Ukrainada bo‘lish davriga to‘g‘ri keladigan muddatda amal qilishi kerak.
“Qizil hudud” mamlakatlaridan kelgan chet elliklar o‘z-o‘zini yakkalash rejimiga amal qiladilar. Bugun, 30 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston “yashil hudud”ga kiritilgan.
Batafsil ma’lumot bilan visitukraine.today saytida tanishish mumkin.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi Ukrainaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga Ukraina tomonining ushbu qarorini inobatga olishni tavsiya qilmoqda.
LiveBarchasi