TIV Koreyadagi shifoxonada og‘ir ahvolda qolayotgan o‘zbekistonlik haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
02 aprel 2019
8016Avvalroq, O‘zbekiston fuqarosi Abram Niyozov Janubiy Koreyadagi klinikalardan birida 2018 yilning iyul oyidan beri koma holida qolayotgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy bayonot bergandi.
Bugun, 2 aprel kuni TIV Matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Abram Niyozovning holatida o‘zgarish bo‘lmagan. O‘zbekistonning Seul shahridagi Elchixonasi Konsullik bo‘limi o‘zbekistonlik yigitning ahvolidan doimiy ravishda xabar olib turibdi.
“Diplomatik vakolatxona vakillari bemordan muntazam ravishda xabar olib, uning akasi Azizjon Oqilov, kasalxonaning tibbiy va ma’muriy xodimlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi TIV xabarida.
Hozirgi paytda Abram Niyozovning davolanishi bilan bog‘liq barcha tibbiy harajatlarni qoplash va tegishli tovon pulini to‘lashga oid masalalarni hal qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Abram Niyozov O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi orqali 2017 yilning noyabrida Janubiy Koreyaga borgan.
LiveBarchasi