Koreyada 16 yil oldin umrbod qamalgan o‘zbekistonlik ozod qilindi
Jamiyat
−
20:40 3950 3 daqiqa
Janubiy Koreyada bosqinchilik va qotillik hamda boshqa ayblovlar bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonlik 37 yoshli erkak Akmal Bozorov kecha, 16 oktyabr kuni ozodlikka chiqarildi. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Akmal Bozorov 16 yildan ortiq vaqtini panjara ortida o‘tkazgan. Uning aybdor deb topilishiga olib kelgan politsiya surishtiruvida jiddiy kamchiliklar aniqlangan va shu sababli sud qayta o‘tkazilgach, ozodlikka chiqarilgan. U kecha, 16 oktyabr kuni kechqurun Changvon qamoqxonasidan chiqqan va tashqarida kutib turgan otasi bilan ko‘zda yosh bilan ko‘rishgan.
“Nohaq qamalganimni his qilib, juda ko‘p azob chekdim. Ammo shu bilan birga, ushbu vaziyat jabrlanuvchining oilasiga yetkazishi mumkin bo‘lgan katta qayg‘u va og‘riq uchun chin dildan afsusdaman. Qolgan sud jarayonlarida ham faqat haqiqatni gapiraman”, deydi Akmal Bozorov.
Ish tafsilotlari 2009 yil 24 martga borib taqaladi: Janubiy Kyonsan provinsiyasining Changvon shahri, Myonsodon mavzesidagi tor ko‘chada to‘xtagan taksi ichida 50 yoshlardagi taksi haydovchisi o‘ldirib ketilgan holda topilgan. O‘sha yilning 6 iyul kuni politsiya boshqa bir taksi bosqinchiligiga aloqadorlikda gumonlab uch kishini, jumladan, o‘shanda 19 yoshda bo‘lgan Akmalni hibsga olgan. Keyinchalik politsiya uni mart oyidagi qotillik bo‘yicha asosiy gumondor sifatida aniqlagan.
Bozorov dastlab politsiya so‘roqlarida aybini tan olgan, ammo keyinroq ushbu tan olish ko‘rsatmasi politsiyaning shafqatsizligi va noqonuniy tergov harakatlari orqali majburan olinganini ta’kidlagan. U 2009 yil iyul oyidagi taksi bosqinchiligida ishtirok etganini tan olgan, ammo mart oyida sodir bo‘lgan taksi haydovchisining o‘ldirilishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirgan. Shunga qaramay, unga nisbatan qotillik ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va Oliy sud 2010 yil aprel oyida unga berilgan umrbod qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirgan.
U ilk bor 2015 yilning iyul oyida ishni qayta ko‘rib chiqish haqida ariza bergan, ammo u rad etilgan. 2025 yil 2 yanvarda u qayta ko‘rib chiqish ishlariga ixtisoslashgan advokat Pak Chun Yon orqali Changvon sudiga yangi ariza topshirgan.
Sud ushbu ishni olib borgan Changvon Chunbu politsiya uchastkasi xodimlari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganliklari va Akmalning huquqlarini buzganliklari haqida qaror chiqargan. Sud qaroriga ko‘ra, tergovchilar aybni tan olish ko‘rsatmasini olish uchun Akmalga uning DNKsi voqea joyidan topilgani haqida yolg‘on gapirgan va allaqachon vafot etgan jabrlanuvchini hali ham tirik deb da’vo qilib, uni chalg‘itgan. Sud, shuningdek, Akmalning koreys tilini yetarlicha bilmasligiga qaramay, politsiyaning qasddan tarjimon ajratmaganini ham tanqid qilgan.
Akmalning advokati Pak yangi dalillarni, jumladan, jinoyat quroli deb taxmin qilingan buyum sotilgan do‘kon bo‘yicha politsiya tomonidan soxtalashtirilgan hisobotni taqdim etgan. Pak, shuningdek, taksi metrida qayd etilgan masofa va politsiya tomonidan aniqlangan yo‘nalish o‘rtasidagi 6 kilometrlik tafovutga e’tibor qaratgan.
Sud noqonuniy tergov ishni qayta ochish uchun yetarli asos bo‘lganini bildirib, yangi dalillar qayta sud majlisini o‘tkazayotgan sud tomonidan baholanishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
“Soxta tan olish ko‘rsatmasi va xolis, ilmiy dalillar o‘rtasida juda ko‘p qarama-qarshiliklar mavjud edi. Qayta sud jarayonida biz tergovdagi muammolarni atroflicha va chuqur o‘rganib chiqamiz”, deydi Pak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq, ularning tirik ekani va jazo muddatini o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi