TIV Abram Niyozovga yordam ko‘rsatildi, deb aldadimi? Bemorning akasi TIVni yolg‘onchilikda ayblayapti

Jamiyat

Joriy yilningi fevral oyi oxirida Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘zbekistonlik Abram Niyozov og‘ir vaziyatga tushib qolgani, 2018 yilning iyulidan buyon shifoxonada davolanayotgani, O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilmayotgani haqida xabar bergan edik. Ko‘p o‘tmay, Tashqi ishlar vazirligi Niyozovning yaqinlari bilan muloqot o‘rnatganini ma’lum qilgandi.

Kecha, 2 aprel kuni yana Tashqi ishlar vazirligi saytida Abram Niyozovga yordam ko‘rsatilayotgani haqida rasmiy bayonot berildi. 

Unda fuqaro Abram Niyozov 2018 yilning iyul oyidan beri klinikada og‘ir ahvolda qolayotgan fuqaro Abram Niyozovga kerakli yordam ko‘rsatilayotgani, elchixona xodimlari uning holidan muntazam xabar olib turgani aytilgandi.

Biroq, QALAMPIR.UZ aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, Abram Niyozovga hozirgacha hech qanday yordam ko‘rsatilmagan. Ahvolning aslida qandayligi haqida uning akasi Azizjon Oqilov QALAMPIR.UZ bilan muloqotda ba’zi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Azizjon Oqilovga ko‘ra, TIV e’lon qilgan ma’lumotlarning barchasi yolg‘on. Elchixona tomonidan haligacha hech qanday asosli yordam ko‘rsatilmagan. Hatto, yarim yildan beri elchi qabuliga kirishning ham imkoni bo‘lmagan.

“Elchining o‘zi 6 oydan beri qabul qilmayapti. Elchi janoblariga yozma ravishda ham, elektron ravishda ham murojaat qildim. Lekin, qabul qilmadilar. TIV xabarlari qanday asos bilan berilyapti yoki vazirlikdan xodim kelib tekshirib ketganmi? Muammolar hal qilinyapti deyilgan... Hali hech qanday muammolar hal qilinmagan”, deydi bemorning akasi Azizjon Oqilov.

Aziz Oqilovning ma’lum qilishicha, Toshkentdan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan biriktirilgan xodim Alisher Sulaymonov uch marta Koreyaga borgan. U elchixona xodimlari bilan Abram Niyozov faoliyat yuritgan zavodga borgan. Biroq, hech qanday yordam bo‘lmagan.

Aziz Oqilov biz bilan suhbatda bir oydan buyon onasi va singlisi Koreyaga borish uchun viza ololmayotgani, na elchixona va na TIV bunda yordam qo‘lini cho‘zmayotganini qo‘shimcha qildi. 

“Elchi qabul qilmaganidan keyin qanday yordam bo‘ladi? Elchi fuqaroning dardini eshitmagandan keyin...", deydi Oqilov.

Xorijda o‘z vatandoshlari tomonidan sarson qilinayotgan fuqaroning alam to‘la murojaatidan keyin tabiiy bir savol tug‘iladi: bu yerda vazirlik yolg‘on xabar tarqatdimi yoki Koreyadagi O‘zbekiston Elchixonasi “o‘zi yo‘qning – ko‘zi yo‘q” qabilida ish tutib, vazirlikka “yasama” ma’lumotlar taqdim etdimi?

Eng qisqa vaqt ichida TIVdan Azizjon Oqilovning iddaolariga to‘g‘ri va ishonchli javob kutib qolamiz.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada komaga tushgan o‘zbekistonlik bo‘yicha shifoxona 93 ming dollar miqdorida hisob chiqargan.

Aziz Oqilovning aytganlarini yuqoridagi slayderda tinglashingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

TIV Janubiy Koreya Abram Niyozov Azizjon Oqilov

Baholaganlar

243

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing