Tinchlik rejasi Ukraina ishtirokida tasdiqlanadi – Ko‘ngillilar koalitsiyasi

Olam

image

Kecha, 25 noyabr kuni Ko‘ngillilar koalitsiyasining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers raislik qildi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Yig‘ilishda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, koalitsiyaga a’zo 35 mamlakat rahbarlari va vakillari, Yevropa Kengashi Prezidenti, Yevropa Komissiyasi Prezidenti va NATO Bosh kotibi ishtirok etgan.

Shuningdek, yig‘ilishda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham qatnashgan. Prezident Zelenskiy va Davlat kotibi Rubio 23 noyabrda Jenevada bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralari haqida ishtirokchilarga ma’lumot bergan.

Yetakchilar Ukraina va xalqining haqli bo‘lgan adolatli va barqaror tinchlikni qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini bildirgan. Ular Rossiyaning amalga oshirgan va oshirayotgan keng ko‘lamli va halokatli hujumlarini qoralagan. Bu hujumlarda uy-joylar va inshootlar zarar ko‘rgan. Yetakchilar jabrlanganlarga ta’ziya bildirgan.

Ular Prezident Trampning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan va har qanday yechimda to‘liq Ukrainani jalb qilish, uning suverenitetini saqlash, sulh BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq bo‘lishi va uzoq muddatli xavfsizlikni kafolatlashi kerakligi ta’kidlangan. Shuningdek, chegaralar majburlash yo‘li bilan o‘zgartirilmasligi muhimligi qayd etilgan. Bu tamoyil Yevropa va undan tashqarida barqarorlik va tinchlikni saqlashning asosiy shartlaridan biridir.

Ular AQSH va Ukraina o‘rtasidagi Jenevadagi muzokaralar muhim yutuq bo‘lganini, ikki tomon ham bu jarayonni muhim qadam sifatida baholaganini aytgan.

Yetakchilar Yevropa va NATO manfaatlariga oid masalalar alohida, to‘liq Yevropa hamkorlari va NATO ittifoqchilari ishtirokida muhokama qilinishini bildirgan. Ular Ukrainaga uzoq muddatli moliyaviy yordamni, shu jumladan muzlatilgan Rossiya aktivlarining to‘liq qiymatidan foydalanishni tezkor hal etish muhimligini ta’kidlagan.

Shuningdek, adolatli va barqaror tinchlik uchun Ukrainaga kuchli va ishonchli xavfsizlik kafolatlari zarurligi, shunda kelajakdagi har qanday tajovuzning oldi olinishi kerakligi qayd etilgan.

Yetakchilar, shuningdek, Ukraina bilan moliyaviy va harbiy yordamni mustahkamlash, Rossiya va uning urush mashinasiga bosimni davom ettirishga qat’iy qaror qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tugatishga qaratilgan AQSH rejasi Jenevadagi muzokaralarda qayta ko‘rib chiqilgandi. Hujjat 28 banddan 19 bandga kamaytirilgan. Shveysariyadagi muzokaralardan so‘ng yangilangan tinchlik rejasidan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi, Ukraina mojarosiga bevosita aloqasi bo‘lmagan munosabatlarga oid bandlar chiqarib tashlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Kir Starmer Ko'ngillilar koalitsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing