Timur Ishmetov Afg‘oniston Markaziy bankining “kattasi” bilan uchrashdi
Jamiyat
−
23 fevral
5969Afg‘oniston Markaziy bankining (Da Afghanistan Bank) prezidenti Nur Ahmad Og‘a bugun, 22 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Markaziy bankining raisi Timur Ishmetov bilan uchrashdi. Bu haqda “Tolo News” xabar berdi.
Uchrashuvda Nur Ahmad Og‘a O‘zbekiston bilan bank sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada oshirish uchun zamin yaratishi mumkinligini aytdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar bank o‘tkazmalarini osonlashtirish, salohiyatni oshirish, savdo operatsiyalarida ikki mamlakat milliy valyutalaridan foydalanish, ulanish va to‘lov tizimlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vazir o‘rinbosari Mullo Abdulg‘ani Barodar rahbarligidagi delegatsiya kecha, 22 fevral kuni Qobuldan Toshkentga yo‘l olgandi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va O‘zbekistondagi “Tolibon” elchisi Shayx Abdug‘affor Bahr kutib olgandi. Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov “Tolibon” bosh vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan uchrashib, o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashgandi. Shuningdek, Barodar Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga nisbatan hech qanday tahdid qilinmasligini aytdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


