Timsoh hayvonot bog‘i xodimini g‘ajib tashladi (video)

Olam

image

Yangi Gvineyaning Port-Morsbi shahridagi “Adventure Park” hayvonot bog‘ida timsoh bog‘ xodimiga hujum qilib, uni o‘ldirdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 5 sentyabr kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Xodim timsohga tovuq berayotgan vaqtida hayvon uning oyog‘idan tishlab, suvga tortgan. Shundan so‘ng timsoh uni “o‘lim aylanishi” deb ataladigan usulda aylantirgan.

Hodisa vaqtida boshqa bir xodim ham timsohga yaqinlashib, hayvonning boshiga urishga harakat qilgan. Hayvonot bog‘iga tashrif buyurganlardan biri esa panjara orasidan tayoq uzatib, xodimni qutqarishga uringan. Voqea guvohi Koibuga Remdining aytishicha, timsoh xodimni taxminan bir soat davomida qo‘yib yubormgan.

“Ko‘pchiligimiz voqeani ko‘rdik, biroq unga yordam berish uchun juda kam imkoniyatimiz bor edi. Bizning yagona choramiz politsiyaga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilish bo‘ldi”, degan u.

Politsiya yetib kelgach, “Adventure Park” bog‘ xodimlari qutqaruv ishlarini osonlashtirish uchun timsoh saqlanadigan havzadagi suvni chiqara boshlagan. Xodim hujum oqibatida ko‘p qon yo‘qotgan.

“Timsoh birinchi o‘qdan keyin o‘lmadi. Politsiya bir necha marta o‘q uzdi. Faqat 11-o‘qdan keyin timsoh o‘ldi”, degan guvoh.

Shundan so‘ng, xodim timsohdan qutqarib olingan va shifoxonaga olib ketilgan. Biroq u 6 sentyabr kuni ertalab olgan jarohatlari sabab vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, xodim ushbu hayvonot bog‘ida qariyb ikki yil ishlagan.

Mazkur hujumdan bir necha oy oldin esa hayvonot bog‘i xodimlarining timsohlarga juda yaqinlashgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Videolardan birida xodim ulkan timsohning yuzidan bir necha santimetr narida turib, uning ustiga suv sachratgani ko‘ringan. Keyin u timsohning ustiga o‘tirib, bo‘ynidan tortgan.

Boshqa videoda esa xodim katta timsohning orqasiga bir oyog‘ini qo‘yib turgani va tomoshabinlarga hayvonni boqish jarayonini namoyish qilgani aks etgan. Yana bir videoda xodim ulkan timsohning burniga qo‘l tekkizib, uning jag‘lari oldida turgan.

Hozirda Port-Morsbidagi “Adventure Park” hayvonot bog‘i noma’lum muddatga yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida timsoh 12 yashar bolani yeb qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing