Isroil falastinlik mahbuslarni Nil timsohlari bilan qo‘riqlamoqchi
Olam
−
25 iyul 3230 2 daqiqa
Isroil falastinlik mahbuslar saqlanadigan qamoqxonalar atrofiga Nil timsohlarini joylashtirishni ko‘rib chiqmoqda. Mamlakat Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Idit Silman Nil timsohini “madaniylashtirilgan yovvoyi hayvon” deb e’lon qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Mazkur qaror Isroil qamoqxona xizmatiga qamoqxonalar atrofida timsohlarni saqlash imkonini berishi mumkin. Tashabbus Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning g‘oyasi bilan bog‘liq bo‘lib, u mahbuslar saqlanadigan hududlarni timsohlar yordamida qo‘riqlashni taklif qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ben-Gvir ushbu g‘oyani o‘tgan yilning dekabr oyida Qamoqxona xizmati rahbari Kobi Yakobi bilan uchrashuvda bildirgan. U falastinlik mahbuslarni timsohlar qo‘riqlaydigan qamoqxonalarda saqlash taklifini ilgari surgandi.
Loyiha dastlab Ketsiot qamoqxonasida sinov tariqasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Isroildagi Hamat-Gader fermasidan timsohlarni olib kelish taklif qilingan.
Biroq tashabbus mamlakat Tabiat va bog‘lar boshqarmasi hamda vazirlik huquqshunoslari tomonidan tanqid qilingan. Ular timsohlardan qamoqxonalarni qo‘riqlash vositasi sifatida foydalanish uchun yetarli huquqiy va ilmiy asoslar mavjud emasligini bildirgan.
Mutaxassislar qonun yovvoyi hayvonlarni asosan ilmiy tadqiqotlar, ta’lim va jamoatchilikni xabardor qilish maqsadlarida saqlashga ruxsat berishini ta’kidlagan. Ularning fikricha, xavfli yovvoyi hayvonlarni qamoqxona hududida saqlash insonlar xavfsizligi uchun qo‘shimcha xatar tug‘dirishi mumkin.
Huquqshunoslar, shuningdek, zamonaviy qamoqxonalarda timsohlardan xavfsizlik vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha ishonchli tajriba mavjud emasligini qayd etgan.
Shunga qaramay, Idit Silman tashabbusni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Uning qaroriga ko‘ra, agar xavfsizlik ehtiyoji mavjud deb topilsa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga bunday hayvonlarni saqlashga ruxsat berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 iyul kuni Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida timsoh 12 yashar bolani yeb qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi