Tilanchi ayolning o‘limidan so‘ng millionerligi oshkor bo‘ldi
Bu qiziq
−
25 dekabr 2023
29186Iroqning poytaxti Bag‘dodda kasalligi tufayli shifoxonaga yotqizilgan keksa tilanchi o‘limidan so‘ng millioner bo‘lib chiqdi. Bu haqda Iroq mahalliy OAVlari ma’lum qilgan.
Xabar berilishicha, tilanchining o‘limidan so‘ng uning ikki opasi uyidan millionlab Iroq dinorlari va qoplarda tilla topib olgan. Biroq, ular pullarni uydan olib chiqib ketayotganida qo‘lga olingan.
Politsiya guruhlari tilanchining uyidagi tintuvlar natijasida 380 ming dollar, Iroq dinori va bir necha qop oltin topgan. Davlat hisobiga o‘tkazilgan aktivlar ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylangan.
Tilanchining uyida tintuvga qatnashgan politsiya xodimlaridan biri Muhammad Solih Mehdi bu hodisaga munosabat bildirdi.
“Vzvod ofitseri menga qo‘ng‘iroq qilib, al-Kozimiya hududidagi o‘lim haqida xabar berdi. Voqea joyiga yetib kelganimizda, o‘lgan tilanchining shaxsini aniqlash uchun kelgan erkak va ayol uydan pul olib ketayotgan edi”, degan politsiya xodimi.
Yana bir huquq-tartibot xodimi Abduljabbor Solih, “Bizga janjal bo‘lgani haqida xabar keldi. Voqea joyiga yetib kelganimizda, hech qanday janjal bo‘lmagani, lekin ikki kishi marhumning uyidan pul to‘la qopni tashib ketayotganiga guvoh bo‘ldik va darhol ularni hibsga oldik. O‘sha zahoti markazga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda xabar berdik. Markaz bizdan voqea joyida qolishimizni so‘radi va biz u yerdan topilgan barcha pullarni hukumatga topshirdik”, degan.
Vafot etgan ayolning qo‘shnilari tilanchilik bilan kun kechirgan bu ayolga ko‘p yordam berganlarini, tinmay ovqat berib turishlarini ham aytishgan. Shuningdek, uning o‘g‘li politsiyachi ekani iddao qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Bakuda tilanchi onaxon topgan bor pulini Turkiyaga xayriya qilgan edi.