Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarning vaqtinchalik ishlashiga ruxsat berildi
Jamiyat
−
24 Sentabr 2025 6443 3 daqiqa
Maktablardagi kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilariga joriy yilning yakuniga qadar o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining joriy yilning 15 sentyabr kuni qabul qilingan “Xorijiy til o‘qituvchilarining belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lishlariga doir zaruriy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan.
Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi talabini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida amalda faoliyat olib borayotgan va talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2025 yilning yakuniga qadar (joriy o‘quv yilining 1- va 2-choraklari davomida) o‘z mehnat faoliyatlarini davom ettirishga ruxsat berildi.
Shu bilan birga, vazirning ushbu buyrug‘i bilan talab darajasidagi sertifikatlarga ega o‘qituvchilar sertifikatlarining amal qilish muddati o‘quv yili davomida tugaydigan bo‘lsa, bu toifadagi o‘qituvchilarga o‘quv yili so‘ngiga qadar ishlash imkoniyati beriladi.
Shuningdek, joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vakant lavozimlarga oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tillar o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan hamda talab darajasidagi sertifikatga ega 3-4-kurs talabalari orasidan kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilning 1 dekabriga qadar vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan chet tili bo‘yicha milliy hamda xalqaro sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik jarayonida tuman (shahar) Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-son qarorining 9-bandida davlat ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur talab ortidan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi.
Keyinroq esa ushbu taqdimnomaga javoban Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma bermaganini ma’lum qildi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral