Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan – vazirlik 

Jamiyat

image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma bermagan. Bu haqda vazirlikning O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashiga yo‘llagan javob xatida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 312-son qarorining 9-bandiga (davlat ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha quyidagi talablar belgilansin) muvofiq, 2025-2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining taklifiga ko‘ra, joriy yilning avgust oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan xorijiy til o‘qituvchilari uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha test sinovlari tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. 

“Shuningdek, vazirlik tomonidan hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga joriy o‘quv yilidan boshlab xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berilmaganligi ma’lum qilinadi”, deyiladi javob xatida. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Maktab o'qituvchi Til sertifikati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing