TikTok ortidagi sirli milliarder Xitoyning eng boy odami bo‘ldi
Olam
−
31 Oktabr
9086TikTok’ning dunyo bo‘ylab mashhurligi yangi avlod ijtimoiy tarmoq yulduzlarini kashf qilish bilan birga Xitoyning eng boy odamining o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. Bu haqda “Business Insider” xabar berdi.
Joriy yil 29 oktyabr kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, TikTok’ning bosh kompaniyasi ByteDance asoschisi – 41 yoshli dasturchi Chjan Iminning boyligi hozirda 49,3 milliard dollarni tashkil etmoqda va shu orqali u 2023 yildagi Xitoyning eng boy odami bo‘lgan Chjun Shanshanni quvib o‘tib, uning o‘rnini egalladi. Chjan juda sirli shaxs bo‘lib, uning shaxsiy hayoti haqida ko‘p ma’lumotlar ommaga ma’lum emas. Biroq yaqinda u Xitoyning eng boy odami deb e’lon qilinishi ortidan yana diqqat markaziga tushdi. ByteDance’ni deyarli o‘n yil boshqarganidan so‘ng, Chjan 2021 yilda bosh direktor lavozimidan ketgan.
“Men unchalik ijtimoiy emasman. Onlayn bo‘lish, kitob o‘qish, musiqa tinglash va imkoniyatlar haqida o‘ylash kabi yolg‘iz faoliyatlarni afzal ko‘raman… To‘g‘risini aytsam, menda ideal menejer bo‘lish uchun yetarli ko‘nikmalar yo‘q”, deb aytgan shunda u xodimlariga.
Shuningdek, u o‘zini odamlarni bevosita boshqarishni o‘z ichiga olmagan rol orqali kompaniyaga ko‘proq foyda keltira olishini ta’kidlagan.
“Bloomberg” nashriga ko‘ra, Chjan Imingning ota-onasi davlat xizmatchisi bo‘lib ishlagan. Mahalliy OAVga ko‘ra, uning ismi “barchani birinchi urinishda hayratga solish” haqidagi xitoy maqoliga asoslangan. Chjan 2005 yilda Nankay universitetini tamomlagan. U dastlab mikroelektronika bo‘yicha o‘qishni boshlagan, keyin esa mutaxassisligini dasturiy injiniringga o‘zgartirgan. Chjan universitetda o‘zi bilan birga o‘qigan kursdoshiga uylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Chjan dastlab Kuxun kompaniyasida muhandis bo‘lgan, shunga qaramay u yerdagi faoliyatining ikkinchi yilida 40-50 kishilik jamoani boshqargan. U bu ishda ByteDance’ni rivojlantirishda yordam bergan savdo ko‘nikmalarini o‘rganganini aytadi, jumladan, “qaysi savdo turlari samarali” ekanini tushungan.
“O‘sha paytda men texnologiya uchun javobgar edim, lekin mahsulotda muammolar yuzaga kelganda, mahsulot rejasini muhokama qilishda ham faol qatnashardim. Ko‘p odamlar bu men qiladigan ish emas, deyishardi. Ammo men aytmoqchiman: sizning mas’uliyat hissingiz va ishlarni yaxshi bajarish istagingiz sizni ko‘proq narsalarni qilishga va tajriba orttirishga undaydi”, degan Chjan.
“South China Morning Post” nashriga ko‘ra, Chjan AQSHning Microsoft kompaniyasida ham ishlagan. Microsoft Xitoyda bir nechta ijtimoiy tarmoq ilovalariga egalik qiladi. Ammo Chjan kompaniya qoidalari uni cheklab qo‘yganini his qilib, tez orada Microsoft’dan chiqib ketadi. Shundan so‘ng, u bir nechta startaplarda ishlaydi. ByteDance’ga esa 2012 yilda xonadoshi bilan asos solgan.
“Forbes” 2013 yilda Chjan Iminni Xitoyning 30 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi 30 kishi ro‘yxatiga kiritgan. 2018 yilda esa u “Fortune” jurnalining 40 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi 40 kishi ro‘yxatiga kiritilgan. Chjan 2019 yilda “Time” jurnalining eng ta’sirli 100 odamidan biri deb e’tirof etilgan.
“Forbes” birinchi marta 2018 yil mart oyida Chjanni milliarder deb e’lon qilgan va uning boyligini 4 milliard dollarga baholagan. Joriy yilning 29 oktyabr kuni e’lon qilingan “Hurun Xitoy boylari ro‘yxatida” u mamlakatning eng boy odami sifatida 49,3 milliard dollar boylik bilan qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Amerikaning “Forbes” jurnali dunyoning eng boy milliarderlarining 38 yillik reytingini taqdim etgan, ro‘yxatda ketma-ket ikkinchi yil birinchi o‘rinni Louis Vuitton, Fendi, Givenchy, Christian Dior, Hennessy, Dom Perignon, Tiffany & Co kompaniyalariga egalik qiluvchi LVMH konglomerati rahbari fransuz Bernard Arno egallagandi. Ro‘yxatning ikkinchi o‘rnini egallagan Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask esa 3 yil ichida trillionerga aylanishi prognoz qilingandi.
LiveBarchasi