Xitoylik muxolifatchi milliarder AQSHda 30 yilga qamaldi

Olam

image
AQSH federal sudi Xitoydan qochib ketgan milliarder Go Venguyni yirik moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topib, 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

2024 yil iyul oyida sudyalar hay’ati Go Venguyni 12 ta ayblovning to‘qqiztasi bo‘yicha, jumladan, qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar, elektron firibgarlik va pul yuvish jinoyatlarida aybdor deb topgan. Ho Van Kvok va Maylz Go nomlari bilan ham tanilgan tadbirkor 2023 yil mart oyida Nyu-York shahridagi Markaziy bog‘ga qaragan hashamatli uyida FQB tomonidan hibsga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u minglab investorlarni aldab, 1 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan.

Kecha, 29 iyun kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Analisa Torres Go Venguy “demokratik Xitoyni orzu qilgan odamlarning ishonchidan foydalanib, o‘z boyligini ko‘paytirishga harakat qilgani”ni ta’kidlagan. Sud, shuningdek, uning 889 million AQSH dollarlik aktivlarini musodara qilish haqida qaror chiqargan.

Sudya Go Venguyni xayriya va jamoatchilik faoliyati niqobi ostida odamlarni aldagani, tanqidchilarni qo‘rqitgani hamda o‘z qilmishlari uchun mas’uliyatni tan olmagani uchun tanqid qilgan. Ayblanuvchi esa o‘zini aybsiz deb hisoblashini bildirib, jalb qilingan mablag‘lar siyosiy faoliyat uchun ishlatilganini aytgan.

Qayd etilishicha, Go Venguy Xitoyda ko‘chmas mulk sohasida katta boylik orttirgan. U 2017 yilda Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan siyosiy ta’qibga uchrayotganini da’vo qilib, AQSHdan boshpana so‘ragan. Keyinchalik u Xitoy Kommunistik partiyasining keskin tanqidchisi sifatida tanilgan va o‘zini demokratiya tarafdori sifatida ko‘rsatib kelgan.

U, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Trampning uzoq yillik ittifoqchisi Stiv Bennon bilan yaqin aloqalarni saqlagan. Bennon 2020 yilda Go Venguyning yaxtasida hibsga olingan. U AQSH-Meksika chegarasida xususiy devor qurish uchun yig‘ilgan xayriya mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblangan. 2025 yil fevral oyida esa aybini tan olib, qamoq jazosidan qutulgan.

AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ma’lum qilishicha, Go Venguy AQSHga kelgach, muxolifatchi sifatidagi obro‘sidan foydalanib, odamlarni turli kompaniya va loyihalariga sarmoya kiritishga undagan. U investorlarga yuqori daromad va eksklyuziv xizmatlarni va’da qilgan, ammo tergovga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘larni asosan o‘zining hashamatli turmush tarzini moliyalashtirishga sarflagan.

Manbaga ko‘ra, sudda prokuror Rayan Finkel Go Venguyni “demokratik faol emas, balki firibgar, tovlamachi va o‘g‘ri” deb atagan. U bilan birga Xitoy Kommunistik partiyasiga qarshi lobbi guruhini tuzgan sobiq hamkori Ivett Vang ham ushbu sxemadagi ishtiroki uchun o‘tgan yili 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya sudi sobiq prezident Yun Sok Yolni Shimoliy Koreya hududiga dronlar yuborganlikda aybdor deb topib, 30 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
 

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing