Federer milliarderlik maqomini yo‘qotdi
Sport
−
11:49 712 2 daqiqa
Joriy yilning, 11 avgust kuni Shveysariyaning sport poyabzali va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi “On Holding” kompaniyasi aksiyalari Nyu-York fond birjasida qariyb 19 foizga pasaydi. Natijada kompaniya aksiyadorlaridan biri Rojer Federerning milliarderlik maqomini yo‘qotdi. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, aksiyalar narxining tushishi natijasida Federer kamida 55 million dollar yo‘qotgan va endi milliarder hisoblanmaydi.
Nashr hozirda Federerning sof boyligini 948,9 million dollarga baholamoqda.
Aksiyalar qiymatining pasayishi kompaniyaning o‘tgan chorakdagi savdo natijalari tahlilchilar kutganidan past bo‘lgani bilan bog‘liq. “On” AQSHda mahsulotlar yangilanishi arafasida eski poyabzal modellariga chegirmalar berishni to‘xtatgan. Bu esa kompaniyaning savdo ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, valyuta kurslari ta’sirini hisobga olganda, “On” kompaniyasining ikkinchi chorakdagi savdo hajmi 850,3 million Shveysariya frankini (taxminan 1,05 milliard dollar) tashkil etgan. Bu tahlilchilarning o‘rtacha 881,4 million frank (1,08 milliard dollar)lik prognoziga nisbatan past ko‘rsatkichdir.
Federer 2019 yilda “On” kompaniyasining ham egasiga aylangan. Kompaniya shveysariyalik tennischini “asoschilarning yaqin hamkori” deb ataydi.
“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, Federer faoliyati davomida tennis musobaqalarida 131 million dollar miqdorida mukofot puli ishlab olgan. Uniqlo kabi kompaniyalar bilan yirik reklama shartnomalari va “On Holding”dagi ulushi tufayli uning sof boyligi 2025 yilda ilk bor 1,1 milliard dollarga yetgan va u milliarderlar qatoriga kirgan.
Ma’lumot uchun, Federer 2022 yilda professional faoliyatini yakunlagan. Shveysariyalik tennischi faoliyati davomida jami 111 ta ATP turnirida ishtirok etib, shundan 103 tasida yakkalik bahslarida g‘olib chiqqan. Federer shuningdek, 310 hafta davomida ATP reytingida dunyoning birinchi raqami bo‘lib turgan.
Live
Barchasi