Tezlikni oshirgan haydovchilar “prava”si olib qo‘yilmaydigan bo‘ldi
Jamiyat
−
20 iyul
9671O‘zbekistonda haydovchilar necha marta tezlikni oshirganidan qat’i nazar, YPX xodimlari tomonidan ularning haydovchilik guvohnomalari olinmaydigan bo‘ldi. Bu haqda joriy yilning 17 iyul kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorida keltirilgan.
Qaror bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari va maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomning 31-bandiga o‘zgartirish kiritildi.
Oldin ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi kerak bo‘lsa, endilikda ko‘chma fotoradar va mobil komplekslar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima belgilash tartibi statsionar foto va video qayd etish vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklarni rasmiylashtirish tartibi bilan bir xil bo‘ladi. Ya’ni, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi, jarima solish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda huquqbuzar haydovchining o‘zi ishtirok etmaydi. Huquqbuzarlikning takroran sodir qilingani ham inobatga olinmaydi.
Shu bilan tezlikni oshirganlik uchun takroriy sodir etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha oshirilgan jarimalar amalda hech qaysi holatda qo‘llanmaydigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 1 yanvar kunidan boshlab eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi