“Tez yordamga” yo‘l berilmagani sabab bemor “Toshkent” xalqaro aeroportida vafot etdi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2019
10750Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida 60 yashar bemor tez yordamning kechikib kelishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Voqea joriy yilning 11 sentyabr kuni soat 07:25 atrofida sodir bo‘lgan. Ayni shu vaqtda “Toshkent” xalqaro aeroportidan Call markazga 60 yoshli kishining sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani haqida chaqiriq tushadi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yakkasaroy tumanidagi 10-bo‘limga yetkazilgan. Oradan 1 daqiqa o‘tib, ya’ni, soat 07:26 da “Tez yordam” brigadasi chaqiriq joyiga otlanadi. Biroq, Yakkasaroy to‘yxonasining yonidagi yo‘l tiqilinch bo‘lgani sababli “Tez yordam” 5-6 daqiqa turib qoladi. “Tez yordam” mashinasining chirog‘i yonib, chaqiriq signali yangrab tursa-da, mashinaga yo‘l berilmaydi.
“Tez yordam” manzilga yetib borganida, aeroport shifokorlari bemorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan bo‘lgan. “Tez yordam” shifokorlari ham darhol ishga kirishadi. Bemorda o‘pka-yurak reanimatsiyasi muolajalari o‘tkaziladi. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor vafot etadi.
“Shu o‘rinda, haydovchilarga murojaat qilib shuni aytmoqchi edikki, qadrli haydovchilar, yoningizda chirog‘i va chaqiruv signalini yoqib kelayotgan “tez yordam” mashinasining ko‘magiga, balki sizning yaqinlaringizdan biri ko‘z tutib turgandir. “Tez yordam” oshiqqan manzil sizning xonadoningiz bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas-ku. Qolaversa, kimningdir farzandi, otasi yoki onasi, joni-jigarining hayoti qil ustida turgan bo‘lishi, siz ozgina himmat qilib, “tez yordam”ga yo‘l bersangiz bir insonning hayotini saqlab qolishdek katta savobga sherik bo‘lishingiz mumkin”, deyiladi SSV xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida birgina Toshkent shahri miqyosida “tez yordam”ga 750 mingga yaqin chaqiriqlar tushgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko‘proqdir.