SSV: Tibbiyot xodimiga tajovuz uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Jamiyat
−
04 Oktabr 2019
3594Sog‘liqni saqlash tizimida tez-tez uchrayotgan noxush holatlardan biri – bu bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishidir.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2018-2019 yillar davomida O‘zbekistonda 400 dan ortiq holatlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohatlari yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan.
Bugungi kundagi haqiqiy holat esa bundan ham ayanchli ahvolga kelib qolgan. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, tibbiyotmuassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Buning oqibatida ayrim paytlarda tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan darajada jarohat yetkazgan aybdor shaxslar ham amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketmoqda. Bunday illatlarning oldini olishda eng samarali yo‘l – bu kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishdir.
Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘magida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Turli vazirlik va idoralar bilan kelishishning o‘ta murakkab jarayoni uzoq va mashaqqatli mehnat talab etgan bo‘lsa-da, bu jarayon yakunlanib, bugun, 4 oktyabr kuni qonun loyihasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosini qo‘llash mumkin bo‘ladi. O‘ylaymizki, bu hozirda qariyb har kuni sodir bo‘ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta’sir kuchga ega bo‘ladi.
Zero, shifokor hech qachon bemorga yomon bo‘lishini istab harakat qilmaydi, u hamisha insonga yaxshilik qilishga intiladi, ko‘makka muhtoj bemorga shifo baxsh etish, favqulodda holatlarda inson hayoti va salomatligini asrash uchun bor kuch-salohiyatini baxsh etadi.
LiveBarchasi