O‘zbek jangchisi: Dunyo futbolining og‘zidan tushmayotgan Abduqodir Husanov tarixi
Sport
−
13 mart
10373“Manchester Siti” o‘z muxlislari uchun o‘zbekistonlik himoyachisi – Abduqodir Husanov haqida maqola e’lon qildi. Unda Husanovning hayot va karera yo‘li, bolaligi, oilasi, hech qachon nashr qilinmagan oilaviy fotosuratlari va xotiralari hamda undan doimo g‘ururlanadigan o‘zbek xalqi haqida gap boradi. Abduqodir Husanov “Chelsi”ga qarshi o‘yinda debyut qilishidan bir muddat avval “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan edi. Hali 20 yoshda bo‘lgan Abduqodir Husanovning tezda asosiy tarkibda o‘ynay boshlashi qisman himoyadagi inqiroz bilan bog‘liq bo‘lib, Pep Gvardiolada ingliz tilini juda kam yoki umuman bilmaydigan, shu paytgacha 31 ta yuqori darajadagi klub o‘yinida qatnashgan yosh o‘yinchini maydonga tushirishdan boshqa iloj qolmagandi.
Husanov maydonga tushganining dastlabki uch daqiqasida Edersonga boshi bilan uzatgan noto‘g‘ri uzatmasi sabab to‘pning “Chelsi” futbolchilariga tushib, hisob ochilishiga olib keldi. Oradan bir daqiqa o‘tib, APLda debyut qilgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sariq kartochka ham oldi.
Voqealar rivojini kuzatib turgan muxlis va mutaxassislar Husanovni yaxshi tanib oldi. Butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning ko‘zlari o‘zbekistonlik 20 yashar bolada edi, Husanov yer yorilsa, yerga kirib ketishga tayyor edi, o‘shanda go‘yo, chunki vaziyat yanada yomonlashishi mumkin edi.
Jamoadoshlari, “shaharliklar” muxlislari va murabbiyi yordami bilan u o‘ziga bo‘lgan ishonchni barqaror o‘stirib bordi va bo‘limning qolgan qismini yetarlicha xotirjamlik bilan o‘tkazdi. 54 daqiqada esa uning debyuti qarsaklar bilan yakunlandi, uning o‘rniga Jon Stounz maydonga tushdi.
Yangi porlayotgan, biroq hali unchalik mashhur bo‘lmagan iste’dod...
Ochiq aytganda, 2025 yil yanvar oyida “Manchester Siti”ga o‘tishdan oldin Abduqodir Husanov haqida ko‘pchilik deyarli hech narsa bilmas edi.
Klublar chet ellik futbolchilar bilan bog‘lana boshlaganda, YouTube o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi – foydalanuvchilar internetdagi barcha mavjud videolarni izlab ko‘rishga tushadi.
Husanovning o‘yin lavhalarini ko‘rganlar uning qattiq kurashuvchi, o‘zini to‘liq o‘yinga to‘liq bag‘ishlaydigan va favqulodda tezkor himoyachi ekanligiga amin bo‘ldi. Oddiy qilib aytganda, o‘z ishini chin dildan yoqtiradigan himoyachi.
Biroq u hali katta tajribaga ega emasdi va ko‘pchilik yaxshi tanimagan mamlakatdan kelgandi. Shunday ekan, uni “Manchester Siti” bilan bog‘lash mumkin bo‘lsa-da, voqealar bu darajada tezlashib ketishini tasavvur qilish qiyin edi.
Futbol xaritasida endigina paydo bo‘layotgan mamlakat vakili bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi chindan ham amaldagi Angliya chempionlariga o‘tishi futbolchi va uning vatandoshlari uchun aql bovar qilmas voqeadir.
Abduqodirning futbolchilik yo‘lini yaxshiroq tushunish uchun esa hammasi qayerdan boshlanganini ko‘rib chiqishimiz kerak, ya’ni O‘zbekiston poytaxti Toshkentda, 2004 yilning kabisa yilida dunyoga kelgan “Siti”ning kelajakdagi 45-raqami egasi
Futbol uning qonida bor...
Abduqodir Husanov – O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchisi Hikmatjon Hoshimovning o‘g‘li. Shunday bo‘lsa-da, ba’zilarga nega Abduqodir otasining familiyasini olmaganligi qiziq tuyulishi mumkin.
O‘zbek an’analariga ko‘ra, otalar o‘z farzandlariga bobolari nomi bilan familiya beradi. Abduqodirning bobosining ismi Husan bo‘lgani uchun otasi unga Husanov familiyasini bergan. Ushbu an’ana bugungi kunda ham O‘zbekistonda ommalashgan holda saqlanib qolgan.
Abduqodir futboldagi ilk qadamlarini mamlakatdagi eng nomdor klublardan biri hisoblangan “Bunyodkor” akademiyasida qo‘ygan. O‘zbekiston tashqarisida esa “Bunyodkor” braziliyalik futbol afsonasi Rivaldoning sobiq jamoasi bo‘lgani bilan mashhur – u 2008-2010 yillarda ushbu klub safida 72 ta o‘yinda maydonga tushib, 42 ta gol urgan.
“Husanov “Bunyodkor”ga yetti yoshida kelgan. O‘shanda ham u ajoyib tezlikka ega edi – hatto o‘zidan bir-ikki yosh katta futbolchilardan ham tezroq yugura olardi. Futbolda tezlik juda muhim, chunki bu tabiiy iste’dod. Uni mashg‘ulotlar bilan yaxshilash juda qiyin”, deydi Abduqodirning ilk murabbiyi Sergey Chigodayev.
Abduqodir bir necha yil davomida o‘zidan katta futbolchilar bilan o‘ynadi. U 2002-2003 yillarda tug‘ilgan futbolchilar jamoasida to‘p surdi, garchi 2004 yilning 29 fevralida tug‘ilgan bo‘lsa ham. Shuning uchun Chigodayevning aytishicha, Abduqodir jismonan unchalik kuchli bo‘lmasa ham, tezda chiniqib ketdi. U doim jamoasining eng yosh a’zosi bo‘lgani bois, tanlov imkoniyati yo‘q edi.
“Abduqodir bolaligidan katta iste’dodga ega ekanligi ayon edi. Biroq iste’dod to‘g‘ri rivojlantirilishi kerak. Futbolda faqat iste’dod bilan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Husanovda esa iste’dod bor, mehnatsevarlik bor, intizom va to‘g‘ri tarbiya bor. Men unga maydonda nima qilish kerakligini aytsam, u buni hech ikkilanmay bajarar edi. Abduqodir hech qachon bahslashmas, har doim juda kamtar edi. U maydonda hech kimga bo‘sh kelmas, hattoki o‘zidan kattaroq futbolchilarga ham. Shunga qaramay, Abduqodir doimo kamtar va odobli bo‘lib qoldi. U “Lans”da o‘ynagani ham, hozir “Manchester Siti”da o‘ynayotgani ham uni umuman o‘zgartirmadi”, deydi Chigodayev.
Tez sur’atda porlayotgan iste’dod...
17 yoshida Husanov Belarusga, “Energetik-BGU” klubiga yo‘l oldi. U yerda bir yil davomida faqat mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynadi va 18 yoshga to‘lishini kutdi. 2022 yil mart oyida esa “Talabalar” (“Energetik-BGU” klubining laqabi) safida debyut qildi.
Abduqodir tezda jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi va ilk mavsumdayoq 30 ta uchrashuvning 27 tasida maydonga tushdi. U deyarli har doim asosiy tarkibda o‘ynab, to‘liq 90 daqiqani maydonda o‘tkazdi. Bundan tashqari, markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, 3 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi – himoyachi uchun yomon natija emas.
2022 yil yozida Husanov O‘zbekiston U-20 terma jamoasiga chaqiruv oldi. Bungacha u faqat O‘zbekiston U-17 safida o‘ynagan edi. 2023 yil mart oyida esa Husanov Toshkentda bo‘lib o‘tgan U-20 Osiyo kubogida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining yetakchilaridan biriga aylandi.
U turnirdagi barcha o‘yinlarda qatnashib, jamoaga chempionlikni qo‘lga kiritishda yordam berdi. E’tiborlisi, bularning barchasi aynan Husanov professional futbolga ilk qadam qo‘ygan “Bunyodkor” stadionida sodir bo‘ldi. Oradan ikki oy o‘tib, u O‘zbekiston U-20 jamoasi bilan FIFA U-20 Jahon chempionatiga yo‘l oldi.
Deyarli har bir top-futbolchining faoliyatida omadli tasodiflar bo‘ladi va Husanov bundan mustasno emas. Dastlab, FIFA U-20 Jahon chempionati Indoneziyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq mezbon davlat turnir oldidan unda ishtirok etishdan voz kechdi. Natijada musobaqa Argentinaga ko‘chirildi va O‘zbekiston ushbu mamlakat bilan bir guruhdan joy oldi.
Yevropa klublari skautlari musobaqaga asosan argentinalik Maksimo Perrone, Valentin Karboni va Matias Souleni kuzatish uchun kelgan edi. Biroq aynan o‘sha U-20 o‘yinida O‘zbekiston 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishiga qaramay, yosh himoyachi Abduqodir Husanov ularda juda yaxshi taassurot qoldirdi.
Fransiyaning “Lans” klubi skauti ham unga qiziqib qoldi, shuningdek, “Manchester Yunayted” va bir nechta boshqa Yevropa jamoalari vakillari ham uni diqqat bilan kuzata boshladi.
Hattoki, Preymer-liga klublaridan biri Husanovning agenti G‘ayrat Xasbiullinga murojaat qilib, yosh himoyachini o‘z jamoasi uchun mukammal variant deb hisoblashini ma’lum qildi. Biroq transfer amalga oshmadi.
FIFA U-20 Jahon chempionati yakunlanganidan bir necha hafta o‘tib, Abduqodir Husanov “Lans” klubiga ko‘chib o‘tdi. Klub uni tanishtirar ekan, “Osiyodan kelgan cheksiz salohiyat egasi” deb atadi. Transfer summasi bor-yo‘g‘i 100 ming yevroni tashkil etdi – bu “Lans” uchun ajoyib va foydali investitsiya bo‘lib chiqdi.
“Biz transferdan avval Husanovni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik. U maydonda 19 yoshli emas, 25 yoshli futbolchi kabi harakat qilgani meni hayratga soldi. U yetuk va tajribali futbolchidek o‘ynar edi. Mashg‘ulotlarda ham nimalarga qodirligini ko‘rdik – u texnikasi va jismoniy kuchi bilan bizni hayron qoldirdi. Bizda boshqa yosh futbolchilar ham bor, lekin Husanov doim o‘zining xotirjamligi bilan ajralib turardi”, deydi “Lans” bosh murabbiyi Frank Xayz.
2023 yil yozida Abduqodir ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirildi. Ummon bilan debyut uchrashuvidan so‘ng u tezda asosiy tarkibning doimiy a’zosiga aylandi va hozirga qadar O‘zbekiston safida 18 ta o‘yinda maydonga tushdi.
“Lans” safida Husanov ilk mavsumda 15 ta uchrashuvda qatnashdi. U doimiy asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmasa ham, har gal maydonga tushganida ishonchli o‘yin namoyish etdi. Fransiyalik sport jurnalistlari uni bir necha bor “L’Equipe” nashri tomonidan tuzilgan hafta ramziy jamoasiga kiritdi.
2024 yil yozida Husanov “Lans”ning muhim futbolchilaridan biriga aylandi va yana ba’zi omillar uning foydasiga ishladi. Avstriyalik himoyachi Kevin Danso “Roma” klubiga o‘tishga tayyor edi, biroq tibbiy muammolar tufayli transfer amalga oshmadi. Natijada, Danso “Lans”da qoldi, lekin davolanishi kerakligi sababli o‘ynay olmadi. Husanov hali unchalik tajribali bo‘lmasa-da, murabbiy uning imkoniyatlariga ishondi – va u ishonchni oqladi.
2024 yil oktyabr oyida Husanov Liga 1’ning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Shuningdek, 2024/25-yilgi mavsumning ilk yarmida, atigi 16 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatma amalga oshirganiga qaramay, Fransiya chempionati ramziy jamoasiga kiritildi.
Bu vaqtda esa “Manchester Siti” allaqachon unga jiddiy qiziqib ulgurgan edi. Klub 2025 yil yanvar oyidagi transfer oynasi ochilishi bilan tezkorlik bilan harakat qilib, Husanovni qo‘lga kiritdi. Bu allaqachon juda aqlli va foydali xarid sifatida baholanmoqda.
Husanovning yo‘li Angliya Premer-liga futbolchilarining odatdagi yo‘lidan farq qiladi. U Angliya chempionatida to‘p surayotgan ilk o‘zbek futbolchisi bo‘lib, butun xalq uning har bir harakatini diqqat kuzatib turdi. Maydonda – jangchi, maydon tashqarisida esa kamtar va sokin. Husanovning “Siti”dagi sayohati esa qanday davom etayotganini siz va biz yaxshi bilamiz. “Siti” muxlislari yangi bir buyuk futbolchining yetishayotganiga guvoh bo‘lmoqda.
LiveBarchasi