Teylor Sviftning so‘nggi gastroli tarixdagi eng katta daromadni keltirdi
Madaniyat-san’at
−
03 avgust 2023
8943Amerikalik pop yulduzi Teylor Sviftning Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab o‘tkazgan “The Eras Tour” gastroli tarixdagi eng katta daromadni keltirdi. Bu haqda “People” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, xonanda oxirgi konsertlaridan bir milliard dollardan ortiq mablag‘ ishlab topgan. 33 yoshli qo‘shiqchi gastrollarda o‘ziga hamrohlik qilgan xodimlar – raqqoslar, muharrirlar, ovoz operatorlari, texnik xizmat ko‘rsatuvchilar va yuk mashinalari haydovchilariga 55 million dollar to‘lagan. Faqatgina 50 ga yaqin yuk mashinasi haydovchisining har biriga 100 ming dollardan berilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Svift bu pullarni Kaliforniyaning Inglvud shahridagi SoFi stadionida 70 ming 240 nafar tomoshabinga beriladigan konsertidan oldin to‘lab bergan. Shunday qilib, uning konsertlari barcha davrlarning eng katta daromadli gastroliga aylandi.
Ta’kidlash joizki, superyulduz 28 iyul kuni Shimoliy Kaliforniyaning Santa Klara shahriga bordi. Endi u avgust oyida Los-Anjelesda oltita shou konsertini beradi va shu bilan AQSHdagi gastrol safarini yakunlaydi. 24 avgustda esa Meksika poytaxtidagi konsert bilan uning xalqaro gastroli boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Teylor Sviftning konsertlari zilzilaga sabab bo‘lgani bilan ham tarixda qolgani haqida xabar berilgan edi. Joriy yil 22 va 23 iyul kunlari Siyetldagi “Lamen Fild” ko‘p maqsadli stadionida tashkil etilgan konsert dasturlariga umumiy hisobda 144 ming tomoshabin yig‘ilgan. Konsertda esa shovqin va muxlislar raqslari natijasida 2,3 balli zilzila ekvivalentligiga teng silkinish qayd etilgan.
LiveBarchasi