Tesla Yevropa uchun arzonroq elektromobilni taqdim etdi
Olam
−
10 dekabr 2931 2 daqiqa
Tesla kompaniyasi talabning pasayishi va raqobatchilarning bosim o‘tkazishi fonida Yevropa bozori uchun Model 3 elektromobilining arzonlashtirilgan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Yangi versiya soddalashtirilgan opsiyalarga ega bo‘lishiga qaramay, texnik jihatdan asosiy ko‘rsatkichni saqlab qolgan – WLTP sikli bo‘yicha bir quvvatlashda 480 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi.
Biroq narxni tushirish uchun qulayliklardan ayrim “qurbonliklar” qilingan. Xususan:
- Orqa ekran va o‘rindiqlar ventilyatsiyasi olib tashlangan;
- Rul chambaragi qo‘lda sozlanadi;
- Salon to‘liq charm emas, mato va sun’iy charm aralashmasidan ishlangan;
- Mashina faqat 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlangan.
Shuningdek, tanlov imkoniyati ham cheklangan. Xaridorlar mashinani faqat kulrang, oq yoki qora ranglarda buyurtma qilishlari mumkin.
Germaniyada yangi modelning narxi 37 970 yevrodan boshlanadi. Solishtirish uchun: Model 3 Premium versiyasi ushbu mamlakatda 45 970 yevro turadi. Norvegiyada narxlar taxminan 32,6 ming dollar, Shvetsiyada esa taxminan 47,8 ming dollar etib belgilangan.
Arzonlashtirilgan elektromobillarni yetkazib berish 2026 yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan. Ekspertlarning fikricha, Tesla ushbu agressiv narx strategiyasi orqali Yevropadagi bozor ulushini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Ayni damda Volkswagen ID.3 va Xitoyning BYD Atto 3 kabi arzonroq raqiblarning ommalashishi Ilon Mask kompaniyasini jiddiy choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla investorlari kompaniya rahbari Ilon Maskka boshqaruvdagi yutuqlari uchun deyarli 1 trillion dollarlik mukofot to‘lashni maq’ullagandi.
Live
Barchasi