Terrorchilikka oid materiallar tarqatgan 3 nafar yosh qiz ushlandi (video)

3-sahifa

image

O‘zbekistonda taqiqlangan terroristik tashkilot materiallarini tarqatgan 19-21 yoshli qizlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 2004-2006 yillarda tug‘ilgan bir guruh qizlar diniy qiziqish niqobi ostida Telegram messenjerida kanal ochib, unda O‘zbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan “Iroq va Shom islom davlati” hamda “Turkiston islom harakati” terroristik tashkilotlariga tegishli audio-video materiallar va da’vatlarni tarqatish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ular boshqa yopiq guruhlarda ham targ‘ibot ishlarini olib borgan.

“Aqidaparastlik g‘oyalari bilan zaharlangan bu yoshlar Suriyadagi qonli janglarga qo‘shilish niyatida o‘zaro fikr almashib, “jihod”, “hijrat” va “shahid” kabi yolg‘on shiorlarni hayotiy maqsad deb bilishgan. Shu bilan birga, ular Instagram tarmog‘i orqali ham shaxsiy profillar ochib, taqiqlangan materiallarni tarqatgan va yanada ko‘proq yoshlarni tuzoqqa tushirishga uringan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlarida Rossiyada 7 nafar va O‘zbekiston hududida 2 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolari qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

terroristik tashkilot Aqidaparastlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing