Namanganda terror tashkiloti tarafdorlari ushlandi. Ular orasida xususiy OTM egasi ham bor (video)

3-sahifa

image

Namangan shahrida “Islom davlati Xuroson viloyati” xalqaro terroristik tashkilotining yashirin “jamoati” fosh etildi.  Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, guruhning 16 nafar a’zolarining yashash manzillari ko‘zdan kechirilib, 37 ta uyali aloqa vositalari, 51 dona nashriyoti ko‘rsatilmagan diniy adabiyotlar, 40 ta DVD disk, 4 ta flesh-karta hamda noutbuk va planshet ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan tashkil etilgan “jamoat” yig‘ilishlarida xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “jihod” va “shahidlik”ka chorlovchi da’vatlari faol targ‘ib qilingan. 

Qolaversa, jamoat yetakchisi Telegram messenjerida jami 120 nafardan ortiq a’zosi bo‘lgan virtual kanal va guruhlar tashkil qilib, ularda “Islom davlati” terroristik tashkiloti atributlari, ekstremistik materiallar hamda “jihodiy” mazmundagi audio-video fayllarni tarqatgan hamda jamoat a’zolari bilan o‘zaro muhokamalar qilgan. 

Shuningdek, mazkur virtual kanallarda yoshlarni “shariat hukmi” asosida “jihodiy” ruhda ulg‘aytirish va mamlakatimizdagi siyosiy, ijtimoiy-diniy islohotlarga qarshi norozi kayfiyatda tarbiyalash orqali “Islomiy davlat” asoslarini omma orasida targ‘ib qilishga qaratilgan “post”lar va diniy da’vatlar joylashtirib kelingan.

Qayd etilishicha, jamoat yetakchisi 2022 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil qilingan “hujra”da diniy saboq olishi natijasida uning qarashlarida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Bundan xabar topgan otasi qizining noto‘g‘ri yo‘lda ekanligi bo‘yicha nasihat qilganida, u o‘z padari buzrukvorini “kofir”ga chiqargan.

Shuningdek, guruh a’zolaridan biri Namangan shahrida joylashgan xususiy universitet ta’sischisi hisoblanadi.

Hozirda guruh tashkilotchisi va 3 nafar faol a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Guruhning qolgan a’zolariga nisbatan ham surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon shahrida joriy yilning may oyida jihodchilar diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati faoliyati aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan terroristik tashkilot Islom davlati Xuroson viloyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing