Namanganda terroristik tashkilot ta’siriga tushgan 21 kishi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Namangan viloyatida terroristik tashkilot g‘oyalari ta’siriga tushgan 21 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “Islom davlati” terroristik tashkiloti g‘oyalari ta’siriga tushgan 21 nafar shaxs ushlangan. Jamoatning yetakchisi, Pop tumani “Yangiobod” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy kanallar ochib, unga “Islom davlati” terroristik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan.

Aniqlanishicha, ushbu fuqaro ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish davomida ayni paytda Janubiy Koreyada mavsumiy ishlab kelayotgan Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanida ro‘yxatda turuvchi shaxs bilan tanishib, uning virtual ta’sirida terroristik tashkilotlar faoliyatiga jalb qilingan. Ushbu shaxslar ota-onalarining roziligisiz shar’iy nikohdan o‘tgan holda kelgusida jangovar harakatlar amalga oshirilayotgan o‘choqli hududlarga hijrat qilib ketishni rejalashtirgan. Shuningdek, u o‘zining harakatlariga uzoq qarindoshi va mahalladoshini jalb qilgan. Ushbu fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda yashirin kanallar tashkil qilib, unga o‘zlarining yaqin qarindoshlari, mahalladoshlari hamda ekstremizmga moyil bo‘lgan shaxslarni a’zo qilib, ularga terroristik tashkilotlarning amalga oshirayotgan qo‘poruvchilik harakatlari, qatl sahnalari, qonli janglar, amaldagi davlat tuzumini kuch bilan ag‘darib tashlashga qaratilgan g‘oyalarni singdirib kelgan.

“Men ijtimoiy tarmoqlar orqali, ya’ni “Islom davlati” terrorchilarining ta’siriga tushib qolib, o‘zimning Telegram messenjerim orqali kanallar ochib, terrorchilarning qotilliklari aks etgan videolari, da’vatlari aks etgan videolar va darsliklarini tarqatganman. Terrorchilarning materiallari bilan tanishishim davomida Misrga hijrat qilib, u yerda “ilm olib”, so‘ng “Islom davlati” terrorchilari bilan birgalikda jihod qilishni maqsad qilgandim. Men bu ishimdan afsusdaman. Agar menga imkon berilsa, kelgusida bu ishlardan uzoq yurishni, tarmoqlardan to‘g‘ri maqsadda foydalanishni, ota-onamga, xalqimga yaxshi xizmat qilishni va’da beraman va men kabi yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanishlarini so‘rab qolaman”, deydi ulardan biri.

Yana bir shaxs joriy yilning yanvar oyidan boshlab internet tarmog‘idagi diniy mavzudagi video, fotosuratlarni ko‘rib,  oqimga qo‘shilib qolganini, Telegram akkaunt ochib, unga har xil jihod, hijratga chorlovchi video, “Islom davlati”ning bayroqlari aks ettirilgan videolar, fotosuratlar joylab boshlaganini bildirmoqda.

“Men bu qilgan ishlarimdan afsusdaman. Menga o‘xshagan yoshlarning internet tarmog‘idan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlarini so‘rayman va men bu yo‘l xatoligini anglab yetdim. Bu ishimdan pushaymonman va qaytib bunaqa ishlarga qo‘l urmayman”, deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolar bir necha marotaba ogohlantirilgan. Biroq o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmasdan, o‘z faoliyatini maxfiy tarzda davom ettirib kelgan. Tezkor tadbir davomida jamoat a’zolaridan diniy adabiyotlar, axborot tashuvchilar va boshqa ashyoviy dalillar tegishli tartibda, xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Tadbir natijasida jamoatning namanganlik 4 nafar yetakchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 2 nafariga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qolgan 17 nafar a’zolariga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda taqiqlangan terroristik tashkilot materiallarini tarqatgan 3 nafar 19-21 yoshli qizlar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan terroristik tashkilot Pop tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing