Qo‘qonda terroristik tashkilot tarafdorlari qamaldi (video)
3-sahifa
−
07 noyabr
7539Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoa fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jamoatning 11 nafar a’zosi Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1980-2000 yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda menejer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik bo‘lib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shug‘ullangan shaxslar ham bor.
2021-2023 yillar davomida noqonuniy guruh a’zolari Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari oqibatida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Shuningdek, ular O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va “Halifalik” davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni, ayrimlari esa Suriyaga hijrat qilish masalasini o‘zaro muhokama qilgan.
Bundan tashqari, ulardan 2 nafari o‘zaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023 yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘i yuborgan. Jamoat a’zolari o‘z saflarini kengaytirish uchun yig‘inlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirgan. Telegramʼda tashkil etilgan guruhda o‘zaro ma’lumotlar almashinib, navbatdagi yig‘in vaqti va joyi e’lon qilib borilgan. Shu bilan birga, ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirgani bo‘yicha guruh yetakchisiga hisobot bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur noqonuniy guruh a’zolari Jinoyat kodeksining 1553 - moddasi (Terrorizmni moliyalashtirish), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 2441 - moddasi ( Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 2442 - moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada o‘zbekistonliklarni terrorchi tashkilotga yollagan shaxs ushlangandi. Ayblanuvchining harakatlaridan keyin Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 2051-moddasi 1.1-qismi (Terrorchilik faoliyatiga ko‘mak ko‘rsatish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgandi.
LiveBarchasi