Terrorchilikda ayblangan o‘zbekistonlik qamaldi
Olam
−
09 mart 2019
6897Shvetsiyaning Solna okrug sudi 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosini terrorchilik aktini tayyorlashda aybdor deb topib, yetti yil qamoq jazosi va muddat tugagach mamlakatdan deportatsiya qilishga hukm chiqardi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Shuningdek, bu ish bo‘yicha yana to‘rt kishi ISHIDni moliyalashtirishda ayblanib, sud qilingan.
“Asosiy eshituvlar boshlanganidan o‘n ikki kun o‘tib, Solna okrug sudi terrorchilik akti tayyorlash va ISHIDni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarorini e’lon qildi. Uch kishi terakt tayyorlashda va olti kishi ISHIDni moliyalashtirishda ayblangandi. Sud bir kishini terakt tayyorlashda aybdor deb topib, yetti yil qamoq jazosiga hukm qildi. Qolgan ikki kishi oqlangan”, deyiladi xabarda.
Moliyaviy ko‘makda ayblangan olti kishining to‘rt nafari to‘rt oydan olti oygacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular jazo muddati tugagach mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi. Qolgan gumonlanuvchilarning aybini isbotlovchi dalillar yetarli bo‘lmagani uchun sud ularni oqlagan.
Tergovga ko‘ra, terrorchilik akti uchun tayyorgarlik 2017 yil 1 iyuldan 2018 yil 30 aprelga qadar o‘tkazilgan. Erkaklardan biri Stokgolm markazida yuk mashinasida odamlarni bosib ketish jinoyatida aybdor deb topilgan Rahmat Oqilov bilan aloqada bo‘lgan.
LiveBarchasi