“Terrorchi rejim”ga terrorizm xavf solmoqda?!
Tahlil
−
10 Oktabr
12383Ortda qolgan oktyabr oyining dastlabki 6 kunida Isroil hududida qisqa vaqt ichida ketma-ket ikki bor qurolli hujumlar sodir bo‘ldi. Dastlab, 1 oktyabr sanasida mamlakat poytaxti Tel-Avivda, so‘ngra oradan 5 kun o‘tar-o‘tmas, Tel-Avivdan chamasi 100 km uzoqda joylashgan Beyer Sheba shahrida qurollangan shaxslar aholini o‘qqa tutdi. Mazkur hujumlarda jami 8 kishi halok bo‘ldi, 27 kishi yaralandi. Ba’zi manbalar esa jarohatlanganlar soni 30 nafarni tashkil qilganini qayd etdi. Oktyabr oyida qilingan bunday hujumlar vaqt yuzasidan o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘lgandek taassurot uyg‘otdi.
Netanyaxu rejimi tomonidan ortda qolgan bir yil davomida G‘azoda amalga oshirilgan shafqatsiz genotsid va terror vaqt o‘tib, mamlakat poytaxtida tinch aholining jabr ko‘rishiga sabab bo‘ldi. 2023 yilning ayni shu kunlarida Netanyaxu va Yoav Galant tandemi boshlagan terrorchilik aktlariga teng qirg‘inlar oradan bir yil o‘tib, kichik salmoqda bo‘lsa-da sekin-asta Isroil hududiga ko‘chgandek, go‘yo. Quyida esa Isroil aholisiga qilingan mazkur qurolli hujumlarning batafsil bayoni va ortda qolgan yillarda Binyamin Netanyaxu rejimi qanday qilib, “Al-Qoida” va ISHID kabi buzg‘unchi terror guruhlardan qolishmaydigan darajaga chiqqaniga atroflicha to‘xtalamiz.
Netanyaxuning genotsidi uchun badal to‘laganlar
1 oktyabr kuni tushdan keyin Eron Isroilga yirik raketa hujumini uyushtirishidan biroz avval Isroil poytaxti Tel-Aviv shahridagi Yaffa hududida qonli qurolli hujum sodir bo‘ldi. Qora kiyimda to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan ikki erkak tramvay bekati va unga yaqin ko‘chalarda aholiga o‘t ochishni boshladi.
Voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan insonlardan biri bu jarayondagi ovozlarni dastlab shunchaki mushakbozlik deb o‘ylagani, ammo keyinroq, bu haqiqiy o‘q ovozlari ekanini tushunib yetganini aytgan. Hujum asosan pichoq va o‘qotar qurol yordamida amalga oshirildi. Oqibatda esa qisqa vaqt ichida 7 kishi halok bo‘ldi va yana 17 kishi yaralandi. Ammo yaradorlar ichida yana besh kishining ahvoli juda og‘ir ekani aytildi. Keyingi ma’lumotlar esa shuni ochiqladiki, ushbu hujumda halok bo‘lgan tinch aholi orasida uch nafar chet el fuqarolari ham mavjud bo‘lib, ular Gretsiya, Gruziya va Moldova kabi davlatlardan bo‘lgani ochiqlandi. Hujumda yaralanganlar esa Volfson va Suraski tibbiyot markazlariga olib ketilgani aytildi.
Hujum aks etgan videoda bir qancha jasadlar poyezd stansiyasida “cho‘zilib” yotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bir suratda esa qurollangan ikki erkak yaradorlardan birini yerda yotgan holda qatl qilayotgani aks etgan. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, qurolli shaxslar Isroil huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan voqea joyida yo‘q qilindi. Bundan tashqari, politsiya otishma sodir etganlikda gumon qilingan uchinchi shaxsni ham qo‘lga olgani va mazkur ish yuzasidan tergov ishlari olib borishni boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik mazkur qurolli hujumni uyushtirganlar G‘arbiy sohilda istiqomat qilgan Muhammad Sahar Rajab va Hasan Muhammad Tamimi ismli HAMASga aloqador ikki shaxs bo‘lgani ma’lum qilindi. Ulardan biri 19 yoshda, ikkinchisi 25 yoshda bo‘lgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, HAMASning o‘zi bu hujumdagi javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi va buni harakatga tegishli Al Qassam brigadasi amalga oshirgani e’lon qilindi. Shunday qilib, terakt sifatida baholangan bu voqelik Netanyaxu rejimining G‘azodagi mislsiz genotsid aktlariga nisbatan javob tariqasida ko‘rildi. Ammo achinarlisi shundaki, bu badal rejim a’zolari tomonidan emas, balki tinch aholi tomonidan to‘landi. Ammo bu bugungi rasmiy Tel-Aviv jinoyatlari uchun mamlakat oddiy aholisining so‘nggi bor javobgarlikka tortilishi emasdi.
Oradan besh kun o‘tib, 6 oktyabr kuni Beyer-Sheva shahrida yana shu kabi qurolli hujum sodir etildi. Terrorchilik akti sifatida malakalangan ushbu otishma Isroilning Beyer-Sheva shahridagi markaziy vokzalida amalga oshirildi. 1 oktyabrda Tel-Avivda terakt uyushtirgan shaxslar kabi, pichoq va o‘q otar qurol bilan qurollangan shaxs shaharning markaziy vokzalida joylashgan McDonald’s restoraniga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochdi. Voqega to‘g‘ridan-to‘g‘ri guvoh bo‘lgan McDonald’s filiali menejeri Tarin Yakobov dastavval o‘q ovozlarini eshitgani, shundan so‘ng terrorchi quroli bilan o‘q otayotganini ko‘rishi bilanoq eshiklarni yopib, ichkariga yashiringanini aytdi. Uning so‘zlaridan anglashilishicha, otishma 15 daqiqa atrofida davom etgan. Shundan so‘ng, politsiya ushbu teraktni sodir etgan 29 yoshli shaxsni voqea joyining o‘zida yo‘q qilgan.
Mazkur hujum oqibatida 1 kishi vafot etgani va yana 10 nafar shaxs turli darajada jarohat olgani ma’lum bo‘ldi. Ba’zi manbalar esa yaralanganlar soni 12 nafarni tashkil etgani haqida yozdi. Halok bo‘lgan shaxs esa 19 yoshli serjant ayol ekanligi ochiqlandi. “The Times of Israel” nashrining yozishicha, terakt Lakiya shahri yaqinidagi badaviy qishlog‘ida tug‘ilgan 29 yoshli Ahmad Al-Ukbi tomonidan sodir etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, u ilgari ham sud qilingan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Ahmad Al-Ukbi 2015 yil oktyabr oyida Beyer-Shevadagi xuddi shu avtovokzalda otishma sodir etgan Muhanad Alukabining qarindoshi bo‘lgan.
Shunday qilib, 6 kun ichida Isroil hududida ikki bor terakt yuz berdi. Aslida, bir davlat ichida shu kabi juda qisqa vaqt ichida ketma-ket terrorchilik xurujlari sodir bo‘lishi kamdan kam kuzatiladigan holat. Bu butun mamlakat aholisi orasida xavotir va beqarorlikka sabab bo‘luvchi omil bo‘lishi kerak. Ammo bir yildan ortiq davr ichida G‘azo sektorida chek-chegarasiz qatliomlar qilib kelayotgan va allaqachon halok etilgan, yaralangan va izsiz g‘oyib bo‘lgan umumiy 200 mingga yaqin qurbonlarga ega Isroil hukumati bunday xurujlarga pinagini ham buzmayotgandek go‘yo. Lekin, 1 va 6 oktyabrdagi teraktlar davomli bo‘lsa va uning ko‘lami kengayib borsa, bu Netanyaxu uchun ichki bosimlarni kuchaytirishi aniq. Yoz oxirida HAMAS tunnellaridan birida bir necha oylardan buyon asirlikda saqlanayotgan 6 nafar isroillik asirning jasadlari topilishi butun Isroilda qanday reaksiya bergani barchaga ma’lum. Mamlakatdagi eng yirik kasaba uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan norozilik aksiyasi va yirik ish tashlash jarayoni bir necha soatlarga yahudiy davlatini “muzlatgani” guvohi bo‘ldik. Bugun isroilliklar ortda qolgan kunlarda ro‘y bergan teraktlar Netanyaxuning G‘azodagi qatliomlari va harbiy jinoyatlari uchun javob ekanligini juda yaxshi anglashadi.
“Al Qoida” va ISHIDdan qolishmayotgan Netanyaxu rejimi
1980 yillarda siyosiy beqarorlik va sovet bosqini ostida qolgan Afg‘onistonda oliy hokimiyat va bosqinchilarga qarshi AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan logistika guruhi tashkil etiladi. Keyinchalik Sovet Ittifoqi Afg‘onistonni tark etgach, bu guruh ham o‘z-o‘zidan tarqalib ketadi. Ammo, ma’lum vaqtdan so‘ng, guruh uning eski yetakchilari tomonidan qaytadan shakllantirildi hamda dunyoning turli qismlarida buzg‘unchi va qo‘poruvchi ishlarni amalga oshirishni boshladi. “Al-Qoida” o‘z faoliyati davomida Yaqin Sharq, Kichik Osiyo, Afrika, Afg‘oniston va Pokistonda ko‘pchilikning hayotiga zomin bo‘ldi. Uning butun dunyoni dahshat ichida qoldirgan terrorchilik akti 2001 yil 11 sentyabrda AQSH “egizak binolar”ga qilgan hujumi edi. Mazkur terakt oqibatida 3 mingga yaqin inson halok bo‘ldi va bu tarixdagi eng yirik terrorchilik akti edi. Bu esa bir qator taxminlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ma’lum vaqt ilgari o‘zi tomonidan tiklangan va moliyalashtirilgan guruhning yangi versiyasi tomonidan qaqshatqich zarbaga uchraganini anglatardi. Shundan keyin AQSH mazkur terrorchi tashkilotni yo‘q qilish uchun misli ko‘rilmagan darajada harbiy va moliyaviy safarbarlik e’lon qildi. “Al-Qoida” bilan dunyoning turli nuqtalarida murosasiz kurash olib bordi. 2011 yilda uning rahbari, dunyodagi eng yirik terrorchi Usoma Bin Ladinni Pokistonda kichik harbiy bo‘linma ishtirokidagi maxsus operatsiyada yo‘q qildi. Ammo bu dunyoning ko‘p qismida siyosiy va ijtimoiy tizimni ma’lum darajada izdan chiqargan mazkur tashkilotni butunlay yo‘qota olmadi.
2018 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, “Al Qoida”ga qarshi kurash uchun shu davrga qadar AQSH davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ 6 trillion dollarga teng ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu miqdor esa o‘sha paytda ham hozir ham AQSH va Xitoydan keyingi eng yirik iqtisodiy ko‘rsatkichga teng mablag‘ degani. Bugun esa Netanyaxu va Yoav Galant boshchiligidagi Isroil hukumati va harbiy tuzilmasi ko‘p jihatlari bilan “Al Qoida”ni yodga soladi. Jumladan, Isroilning AQSHdan oladigan yillik beg‘araz moliyaviy qo‘llovi 3-4 milliard dollarni tashkil qiladi. Bunday yordam esa ilgari tinchlik maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, endi G‘azodagi genotsid aktlarini sodir etishda ishlatilinayotganini tasdiqlaydigan bir qator dalillar allaqachon mavjud. Qochqinlar lagerini o‘qqa tutishda ishtirok etayotgan AQSH qurollari va bu faktlarni isbotlagan bir qator monitoring markazlarining xulosalari shular jumlasidandir.
Ayni shu pallada biz “Al-Qoida” va Netanyaxu rejimi o‘rtasida kesishgan chiziqqa guvoh bo‘lamiz. Gap shundaki, yuqorida “Al-Qoida”ning poydevorini qurishda Vashingtonning izlari borligi va keyinchalik ushbu terrorchi tashkilot AQSHning o‘ziga misli ko‘rilmagan halokatli zarba bergani haqida to‘xtalib o‘tildi. AQSH tomonidan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanadigan Netanyaxu rejimi esa bugun Qo‘shma Shtatlarga zarar berishda “Al-Qoida”dan qolishmayapti. Ortda qolgan bir yil davomida G‘azoda ro‘y bergan voqealar AQSHning xalqaro maydondagi reputatsiyasi va ta’sirini falajladi. Ko‘p qutbli dunyo tartibi haqidagi gap-so‘zlar har qachongidan-da ko‘p yangray boshladi. Dunyo shohsupasida AQSHning o‘rni ma’lum darajada qisqardi. Bo‘sh qolgan o‘rin esa Xitoy tomonidan to‘ldirilish ehtimoli kun sayin ortib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Isroil AQSHga “qaqshatqich zarba” berdi.
Bugun dunyodagi qator begunohlarning qirg‘iniga sababchi bo‘lgan “Al-Qoida” va ISHID kabi insoniyat boshiga kulfat keltirgan terror tashkilotlari bilan Tel-Avivdagi Netanyaxu hukumati orasidagi yana bir asosiy o‘xshashlik bu – ularning qurbonlari sonidir. 35 yildan ortiq davr ichida AQSH va “Al-Qoida” o‘rtasidagi kurashda yarim millionga yaqin inson halok bo‘ldi. “Al-Qoida” dunyoning turli nuqtalarida son-sanoqsiz terrorchilik aktlarini sodir etdi. Netanyaxu esa ayni damda ularning rekordini quvib o‘tishga yaqinlashmoqda.
Ortda qolgan bir yil ichida G‘azo sektorida 42 mingga yaqin begunoh halok qilindi. 97 mingdan ortiq odam turli darajada yaralandi. G‘arbiy Sohilda 750 nafar yaqin inson o‘ldirildi va 6200 dan ortiq tinch aholi jarohatlandi. Livanda esa vafot etganlar allaqachon 2000 dan oshgan bo‘lib, yaralanganlar 9 yarim mingga yaqinlashdi. Bedarak yo‘qolganlar esa mazkur frontlarda 10 mingdan oshib ulgurdi. Bularning barchasi bor yo‘g‘i 365 kun ichida Isroil tomonidan amalga oshirildi. Umumiy hisobda, Isroil qurbonlari ayni daqiqalarda 170 mingdan oshdi. Bu raqamlar esa Netanyaxu hukumati tinch aholiga qirg‘in keltirish borasida dunyodagi eng yirik terrorchi tashkilotlardan qolishmayotganini ochiq-oydin ko‘rsatib beradi.
LiveBarchasi