Terisini shilishdan, bolalarga qalam tutqazishgacha. Dunyo korrupsiya bilan qanday kurashib kelmoqda?
Tahlil
−
09 dekabr 2020
135149 dekabr – BMTning tashabbusi bilan 2004 yildan buyon nishonlab kelinayotgan korrupsiyaga qarshi xalqaro kun. Davlat sektoridagi korrupsiya hozirgi zamonning asosiy muammolaridan biri bo‘lib, uning muvaffaqiyatli yechimiga davlat va umuman jamiyatning muvaffaqiyatli rivojlanishi bog‘liqdir.
Har yili yanvar oyida korrupsiyaviy holat bo‘yicha davlatlar reytingini e’lon qiluvchi Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan yuritiladigan “Korrupsiyani tasavvur qilish” reytingining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 25 ball bilan 5 pog‘onaga yuqoriladi va 153-o‘rinni egalladi. Bu oldingi yillarga nisbatan yaxshi holatdir. Jahon miqyosida o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan Sharqiy Yevropa davlatlaridan, Gruziya (56-ball), Belarus (45-ball) va Chernogoriya (45-ball) qayd etilgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlaridan: Turkmaniston 19-ball, O‘zbekiston va Tojikiston 25-balldan to‘plashdi.
Dunyoning boshqa davlatlari qatori O‘zbekiston ham korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
“Chunki korrupsiya – bu davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga rahna soladigan g‘oyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish – barchamizning burchimizdir”, degan edi Prezident Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida.
Xo‘sh, jahondagi davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashish uchun qaysi usullardan foydalanadi, qanday samarali yo‘llardan boradi? Bu mamlakatlarga korrupsiyaga qarshi kurashda qanday yordam beradi? Biz korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha jahon tajribasini tahlil qilishga va eng qiziqarli usullar haqida so‘zlashga qaror qildik.
Pora berish odatiy holga kirgan va har qanday masala rasmiylar ishtirokida hal qilinadigan Hindistonda "Beshinchi kolonna" deb nomlangan korrupsiyaga qarshi kurashish jamoat tashkiloti tuzildi. 2010 yilda tashkilot tomonidan aynan tovlamachilar uchun maxsus kupyura chiqarildi. Ushbu kupyura odatiysiga o‘xshaydi, ammo unda "pulni qalbakilashtirish qonun bilan javobgarlikka tortiladi", degan yozuv o‘rniga "pora berish qonun bilan jazolanadi", degan ogohlantirish mavjud. Banknota nol nominal qiymatga ega. “Beshinchi kolonna” jamiyatidagilarning ma’lum qilishicha, odamlar bu g‘oyani yaxshi kutib olgan va banknotlar adadi ko‘p miqdorda bosib chiqarilgan.
Chexiya poytaxti Pragada g‘ayrioddiy texnika qo‘llaniladi. Mahalliy sayyohlik kompaniyasi shahar mehmonlarini "Korrupsiya safari" deb nomlangan tadbirda ishtirok etishga taklif qiladi. Uch soatlik ekskursiyada poraxo‘rlik qilgan mashhur siyosiy mansabdor va boshqa davlat amaldorlarining hashamatli qasrlari, uylari va joylari namoyish etiladi. Mazkur ekskursiya korrupsiyani "eng ijtimoiy yovuzlik", deb ataydigan Chexiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Korrupsiyaga qarshi o‘zining qattiq qonunlari bilan mashhur Xitoyda mazkur jinoyatga nisbatan o‘lim jazosiga qadar jazo beriladi. Pora oluvchilarning qo‘llarini kesib tashlash ham odat tusiga kirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003 yildan buyon aybdorligi isbotlangan 10 ming amaldor ommaviy ravishda otib tashlangan. Yana 120 ming kishi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Shunga qaramay, Xitoyda korrupsiya yuqori darajada qolmoqda. Bular oddiy pul ko‘rinishida pora berishdan, to siyosiy darajadagi holatlarda ham ko‘zga tashlanmoqda.
Korrupsiya reytingida 127-o‘rinni egallagan Pokistonda har yili umummilliy bolalar rasmlari tanlovi o‘tkaziladi. G‘oliblarning "yomon amakilar" haqidagi asarlari maxsus risola sahifalarida va hattoki reklama peshtaxtalarida nashr etiladi.
Sobiq ittifoq tajribasi ham qiziq. Korrupsiya xiyonat bilan tenglashtirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatning iqtisodiy xavfsizligiga tahdid sifatida talqin qilingan. Ushbu jinoyatga mol-mulkni musodara qilish bilan o‘lim jazosi, ayrim hollarda mol-mulkni musodara qilish bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan.
Janubiy Koreyada korrupsiya hukumat vakillari orasida bo‘layotgani tasdig‘ini topsa, bu xabar egasiga 1,7 million dollargacha miqdorida mukofot puli olishi mumkin.
2004 yil Gruziyada 30 000 nafar politsiya xodimi korrupsiyaga qo‘l urgani uchun ishdan haydaldi. Shundan so‘ng, hukumat huquq-tartibot idoralarida o‘zgacha usul qo‘lladi. Ya’ni, ular ishlaydigan binolarning devorlari o‘rniga shisha-devorlardan foydalanish boshladi. Bu bilan huquq posbonlarining qilayotgan ishlari ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Bu ish berdi. 2010 yilga keliyu mamlakatda huquq tartibot idoralarida korrupsiya holati 67 foizgacha pasaydi.
Agar ukrainalik amaldor poraxo‘rlikda aybdor deb topilgan bo‘lsa, u daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyadagi “pora” ustunida qancha pora olganini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Gerodotning yozishicha, forslar hukmdori Kambis pora evaziga noto‘g‘ri hukm chiqargan sudyani terisini shildirgan va keyingi sudya o‘tiradigan kursini u bilan qoplatgan.
Bunday fakt va ma’lumotlar juda ko‘p. Har bir davrda korrupsiyaga qarshi turli yo‘llar bilan kurashilmoqda. Ammo Jahon bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda korrupsiyada aylanadigan pulning yillik miqdori 1 trillion dollarni tashkil etadi.
LiveBarchasi