Yermakning uyida tintuv o‘tkazildi

Olam

image

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi mamlakat Prezidenti idorasi rahbari Andrey Yermakning uyida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda byuro matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun, 28 noyabr kuni “Ukrainskaya pravda” nashri Milliy antikorrupsiya byurosi (MAB) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (MAP) erta tongdan buyon Prezident administratsiyasi rahbari Andrey Yermakning hukumat mahallasidagi uyida tintuv o‘tkazayotgani haqida xabar tarqatdi. Nashr muxbirlari hukumat mahallasi hududiga taxminan 10 nafar MAB va MAP xodimi kirib ketayotganini tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinroq bu ma’lumotni MAB rasmiy ravishda tasdiqlagan.

“Milliy antikorrupsiya byurosi va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi Ukraina Prezidenti ofisi rahbarining uyida tergov harakatlarini (tintuv) o‘tkazmoqda. Tintuv harakatlari tergov doirasida amalga oshirilmoqda. Tafsilotlar keyinroq e’lon qilinadi”, deyilgan xabarda.

Bu orada “Financial Times” nashrining Ukrainadagi muxbiri Kristofer Miller Yermakka qanday gumonlar qo‘yilishi mumkinligini aytgan.

“Mening manbalarim tintuvlar Prezident Zelenskiy administratsiyasi rahbari Andrey Yermakning Kiyevdagi uyida energetika sektoridagi yirik korrupsion sxemalar bo‘yicha olib borilayotgan “Midas” tergovi bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. MAB ham o‘z bayonotida korrupsiyaga qarshi kurash xodimlari hozir uning uyida tintuv o‘tkazayotganini tasdiqlaydi”, deydi Miller.

Andrey Yermakning o‘zi ham tintuv bo‘yicha bayonot bergan.

“Bugun MAB va MAP rostdan ham mening uyimda protsessual harakatlarni o‘tkazmoqda. Tergovchilarga hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Ularga kvartiraga to‘liq kirish imkoniyati berilgan, joyda mening advokatlarim bor, ular huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmoqda. Men tomondan to‘liq yordam ko‘rsatilmoqda”, deydi Yermak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning “Energoatom” davlat kompaniyasidagi yirik korrupsion sxema fosh etilgani haqida xabar berilgan edi. Ish figurantlaridan biri – tadbirkor Timur Mindich bo‘lib, u Prezident Vladimir Zelenskiyning yaqin do‘sti sifatida tilga olinadi. Taxminlarga ko‘ra, u mamlakatni tark etgan. Mojaro fonida Adliya vaziri va Energetika vaziri o‘z lavozimlaridan ozod etilgan. Hukumat “Energoatom”da “tozalash” ishlari ketayotganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Ukraina tintuv Andrey Ermak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing