Tergovchilar qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha qayta o‘qitiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Qaror mamlakatda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida qabul qilinmoqda. 

Qaror bilan Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan:

•    O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi;

•    O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 

Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya Milliy ta’lim dasturi va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:

•    muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;

•    doimiy ravishda aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotning rasmiy veb-sahifalarda va ommaviy axborot vositalarida joylashtirib borilishini ta’minlaydi;

•    har olti oyda Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga umumlashtirilgan ma’lumot kiritib boradi;

•    axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e’lon qilinishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha, axborot-tahliliy sharhlar va ularning tarjimalarini chop etish va e’lon qilish bilan bog‘liq xarajatlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Davlat byudjeti doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Qaror bilan Oliy Majlis palatalariga Milliy komissiyaning Milliy ta’lim dasturi va “Yo‘l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilib borish tavsiya etilmoqda.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etilishi belgilanmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markaz bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladigan professional va oliy ta’lim tashkilotlarining aniq ro‘yxatini shakllantiradi hamda tegishli o‘quv dasturlarini takomillashtirish choralarini ko‘radi.

2023 yil 1 iyundan boshlab Markaz tomonidan har yili:

•    “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi;

•    nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi.

Markaz:

a) uch oy muddatda:

•    Milliy tanlovni o‘tkazish bo‘yicha Nizom va dasturni ishlab chiqsin hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib, tasdiqlaydi;

•    nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida tegishli tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglarni o‘tkazish bo‘yicha reja-grafikni tasdiqlaydi;

b) 2023 yil 1 aprelga qadar:

•    “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari”, “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” turkum qo‘llanma va risolalarni tayyorlash va chop etish choralarini ko‘radi;

•    Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformani yaratib, ishga tushiradi.

Qarorga muvofiq 2023 yil 1 martdan boshlab tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.

Markaz va Bosh prokuratura:

•    mazkur o‘quv kurslarini tashkil etish uchun mas’ul etib belgilanmoqda;

•    ikki hafta muddatda qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini o‘tkazish grafigini tasdiqlaydi.

9. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda:

•    2023 yil 1 maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari)ni joriy qiladi. Bunda, mazkur o‘quv kurslarini Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformasi orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;

•    2023 yil 1 aprelga qadar Markaz bilan birgalikda sohalarning o‘ziga xosliklarini inobatga olgan holda inson huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha o‘quv kurslari moduli va dasturini ishlab chiqadi.

Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarini:

•    xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari;

•    inson huquqlari bo‘yicha o‘quv, ilmiy-uslubiy va xalqaro nashrlar;

•    inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha yuritilayotgan xronologiya materiallari bilan tizimli ravishda ta’minlab boradi.

Shuningjek, qaror bilan Markazning joriy yil fevral oyida mamlakatda “Inson huquqlari” haftaligini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilmoqda.

Markaz:

a) bir hafta muddatda “Inson huquqlari” haftaligini o‘tkazish dasturini tasdiqlaydi;

b) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda davlat ta’lim muassasalarida:

•    “Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusiga alohida e’tibor qaratilishi;

•    2023 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishini ta’minlaydi;

v) Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda mahallalarda yoshlar ishtirokida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida turli darajadagi ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlarning o‘tkazilishi, shu jumladan, ularning videokonferensaloqa orqali Markaz xodimlari ishtirokida tashkil etish;

g) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) bilan birgalikda “Inson huquqlari” haftaligini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini ko‘radi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish hamda malaka oshirish dasturlarining maqsadli ko‘rsatkichlarini tuzishda inson huquqlari masalalari bo‘yicha buyurtmachi vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing