Terakt sabab 6 yil to‘xtab qolgan Rossiya va Misr o‘rtasidagi aviaqatnov tiklandi

Olam

image

Prezident Vladimir Putin Rossiya aviakompaniyalarining Misr kurort hududlariga uchishini taqiqlovchi 2015 yilgi farmonni bekor qildi. Tegishli hujjat bugun, 8 iyul kuni rasmiy axborot portalida e’lon qilindi.

Misrga parvozlarni taqiqlovchi 2015 yilgi farmonda faqat Qohiraga muntazam aviaqatnov va Misrga xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan aviaqatnovga ruxsat berilgandi. Bekor qilingan farmonda, shuningdek, turoperatorlar va sayyohlik agentliklari uchun aviaqatnovlar taqiqda bo‘lgan davrda Qohira shahri bundan mustasno, Misr Arab Respublikasi hududiga aviatransport orqali kirib boradigan turistik mahsulotni fuqarolarga sotishdan voz kechish bo‘yicha tavsiyanoma mavjud edi.

Endi ushbu cheklovlar o‘z kuchini yo‘qotdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi va Misr o‘rtasidagi aviaqatnov 2015 yil noyabr oyida Sharm ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga parvoz qilgan Rossiyaning “Kogalimavia” kompaniyasi samolyotining Sinayda halokatga uchraganidan so‘ng, to‘liq to‘xtab qoldi. O‘sha samolyot bortida 217 yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan. Rossiya Federal xavfsizlik kuchlari ushbu hodisani “terakt” (terrorchilik harakati — tahr.), deb baholagan.

2018 yilga kelib Putin Qohiraga muntazam aviaqatnovni tiklash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, biroq Misrning kurort hududlariga charter reyslar yopiqligicha qolayotgandi. So‘nggi yillarda Misr tomoni yo‘lovchilar va yuklarni tekshirish, nazorat qilish va tekshirish tizimini takomillashtirdi, shuningdek aeroportlarning infratuzilmasini sezilarli darajada modernizatsiya qildi.

Rossiya shaharlari va Qizil dengizdagi kurort hududlar o‘rtasida parvozlarni tiklash to‘g‘risida Putin va Misr Prezidenti Abdel Fattoh as-Sisi joriy yilning 23 aprelida kelishib olgandi. May oyining boshida Rossiyaning Qohiradagi elchisi Georgiy Borisenko aviatsiya ma’muriyati va xavfsizlik idoralari aviaqatnovni tiklash uchun barcha zarur choralarni oxirigacha bajarishi kerakligini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Misr Qohira aviaqatnov

Baholaganlar

71

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing