Tennis: Novak Jokovich 52 yillik rekordni takrorlay olmadi. Medvedev – US Open g‘olibi

Sport

image

Dunyoning ikkinchi raqamli raketka ustasi Daniil Medvedev US Open g‘olibiga aylandi. Bugun, 13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan final uchrashuvida rossiyalik tennischi dunyoning birinchi raqamli raketka ustasi Novak Jokovichni 6:4, 6:4, 6:4 hisobida mag‘lub etdi. Butun turnir davomida Medvedev raqiblariga atigi bitta setda imkoniyatni boy berdi. 

Uchrashuv 2 soat 17 daqiqa davom etdi. O‘yin davomida Daniil 16 ta eysni amalga oshirdi va 9 marta qo‘sh xatoga yo‘l qo‘ydi. Jokovich hisobida esa 6 ta eys, 3 ta qo‘sh xato mavjud.

Bu Medvedev uchun “Katta dubulg‘a” turnirlaridagi birinchi titul hisoblanadi. Rossiyalik tennischi ilgari ikki marta finalga chiqqan, lekin har ikkisida ham mag‘lub bo‘lgan. E’tiborlisi, joriy yilda u Avstraliya ochiq chempionatining final uchrashuvida aynan Jokovichga yutqizib qo‘ygandi.

Shu tariqa, Novak Jokovich bir mavsumda “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi to‘rtta musobaqada g‘alaba qozonish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Serbiyalik tennischi Avstraliya ochiq chempionati, Rolan Garros va Uimbldon musobaqalarida g‘alaba qozongan edi. Agar Novak Jokovich finalda g‘alaba qozonganida, afsonaviy Rod Leyverning 1969 yilgi natijasini takrorlagan bo‘lar edi. Uning “Ulkan toj”lardagi chempionlik tituli 20 taligicha qoldi va Rojer Federer hamda Rafael Nadaldan o‘zib ketolmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Novak Jokovich US Open Daniil Medvedev

Baholaganlar

21

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing