Temu O‘zbekistonda bloklanishi mumkin
Jamiyat
−
27 fevral
7868So‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklar orasida ommalashayotgan Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda bloklanishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, joriy yilning 1 iyulidan O‘zbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar, xususan, xabardor qilish tartibi va elektron tijorat sub’ektlarining maxsus reyestri joriy etiladi. Bunda asosiy talab O‘zbekistonda faoliyatni qonuniylashtirish va rezident yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘lib, u 2024 yilning 28 dekabridan kuchga kirgan.
Muhammadiyevga ko‘ra, Temu kompaniyasi xorijdagi yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha agressiv marketing strategiyasiga ega. ILMA Temu’ning qonuniy biznes huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga, O‘zbekiston bozoriga rasman kirishda yordam ko‘rsatishga tayyor. Buning uchun kompaniya murojaat qilishi lozim. Lekin shu paytgacha Temu bunday qiziqish bildirmagan. Kompaniya agar shartlar bajarilmasa, ularning faoliyati to‘xtatilishi, hatto blokirovka qilinishidan ogohlantirilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev ham xabarlarga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, bunday platformalar uchun huquqiy tartib o‘rnatish va litsenziyasiz kompaniyalar faoliyatini cheklash adolatli qadam.
“Bu mahalliy tadbirkorlar uchun teng shart-sharoit yaratishga, davlat byudjetiga soliq tushumlarini oshirishga va shubhali onlayn platformalar orqali firibgarlik xavfini kamaytirishga yordam beradi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda Meta, Google, Apple va shu kabi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 63 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda qariyb 116 mlrd so‘m soliq to‘lagani xabar qilingandi. Bu 2023 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p degani.
LiveBarchasi