Telegram’ning foydasi joriy yilda 1 mlrd dollardan oshdi
Texnologiya
−
23 dekabr
1422Monetizatsiya kiritilgandan so‘ng Telegram uch yil ichida birinchi marta foyda ko‘rishga erishdi. Joriy yil messenjerning umumiy daromadi 1 milliard dollardan oshdi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda Premium obunachilar soni uch baravar oshib, 12 milliondan ko‘proq foydalanuvchini tashkil etdi. Reklama daromadlari ham bir necha barobar oshgan.
“Yilni biz 500 million dollardan ortiq naqd mablag‘lar zaxirasi bilan yakunlayapmiz. Bu kriptoaktivlardan tashqari”, deydi Durov.
Shuningdek, tadbirkor kuzda Telegram o‘zining 2 milliard dollar atrofidagi qarz majburiyatlarining “muhim qismini” to‘laganini ma’lum qildi. Durovning fikricha, messenjer joriy yilda kiritgan innovatsiyalar – yulduzlar, sovg‘alar, mini-ilovalar va boshqalar ijtimoiy media platformalari foydalanuvchilarning huquqlarini hurmat qilgan holda mustaqil bo‘lib, moliyaviy barqarorlikka erisha olishini ko‘rsatadi. Ushbu yangilikdan so‘ng SpaceX asoschisi Ilon Mask o‘zining X sahifasida Durovni tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov Telegram video platformaga aylanishi uchun “birinchi qadam qo‘yilgani”ni ma’lum qilgan edi.