Telegram’da narkotik tarqatgan shaxsdan $50 minglik kriptoaktivlar aniqlandi (video)
3-sahifa
−
24 iyul 1523 2 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanida Telegram orqali giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tezkor tadbir davomida Dilshod ismli fuqaro to‘xtatilib tekshirilganda uning mobil telefonida giyohvandlik vositalarini tarqatish uchun foydalanib kelingan Telegram guruhi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu guruh orqali shaharning turli hududlariga yashirib qo‘yilgan qora rangli izolenta bilan o‘ralgan 12 ta o‘ram aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, gumonlanuvchining yonidan ikki dona polietilen paketga o‘ralgan o‘tkir hidli oq rangli kukunsimon modda hamda qora izolenta o‘rami topilgan. Mazkur moddalar va mobil telefon daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Dastlabki surishtiruvlarda gumonlanuvchi jinoiy faoliyatdan olingan qariyb 50 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni noqonuniy kriptoaktivlar orqali aylantirgani ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) hamda 278 prim 8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan esa qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi