Telegram AQSHga foydalanuvchi ma’lumotlarini ommaviy ravishda tarqatishni boshladi
Olam
−
11:39
30672024 yilda Telegram messenjeri AQSH rasmiylariga 900 ta so‘rovni bajarib, 2253 nafar foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu haqda “404 Media” ixtisoslashgan veb-sayti Telegram Transparency Reports boti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
O‘tgan yil 1 yanvardan 30 sentyabrgacha Telegram AQSHdan “IP manzillar va/yoki telefon raqamlariga” bor-yo‘g‘i 14 ta so‘rov yuborganini, bu jami 108 foydalanuvchiga ta’sir qilganini inobatga olsak, bu 2024 yilning avgust oyida Fransiyada messenjer asoschisi Pavel Durov hibsga olingandan so‘ng ma’lumotlar yuborilganlar sonining sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.
“The Moscow Times”ning yozishicha, ayni paytda, Rossiyadan so‘rovlar bo‘yicha bot 30 sentyabrdan keyin ma’lumot bermaydi, kompaniya hisobotiga ko‘ra, 2024 yilning birinchi to‘qqiz oyida Telegram birorta ham so‘rovni bajarmagan.
“Bleeping Computer” resursining ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari messenjerga foydalanuvchi ma’lumotlariga oid siyosatini o‘zgartirishga bosim o‘tkazishdan oldin Telegram foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini faqat terrorchilik holatlarida oshkor qilgan.
Biroq keyinroq Telegram'ning maxfiylik siyosati o‘zgartirildi va Durov kiberjinoyat, noqonuniy tovarlarni sotish va onlayn firibgarlik kabi jinoyatlar sodir etilgan taqdirda foydalanuvchi ma’lumotlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berishga va’da berdi.
“Agar Telegram tegishli adliya organlaridan sizning ushbu messenjer xizmati shartlarini buzuvchi jinoiy faoliyatda gumon qilinayotganingizni tasdiqlovchi qonuniy hujjat olsa, biz so‘rovni huquqiy ko‘rib chiqamiz hamda sizning IP manzilingiz va telefon raqamingizni tegishli hokimiyat organlariga oshkor qilishimiz mumkin”, degan edi u.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Pavel Durov o‘tgan yilning 24 avgust kuni Le Burje aeroportida shaxsiy samolyotidan tushgan vaqtida qo‘lga olingan edi. U messenjerdagi noqonuniy kontentni qasddan tartibga keltirmaganlikda ayblangan. 28 avgust kuni Durov Parijdagi hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi shart edi. Unga nisbatan bir nechta jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ular orasida noqonuniy faoliyat olib boriladigan platformani boshqarish, rasmiylar tomonidan so‘ralganda ma’lumot berishdan bosh tortish, pul yuvishda ishtirok etish, bolalar jinsiy jinoyatlari, giyohvand moddalar savdosi va firibgarlik kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan aloqa o‘rnatgani va ularga Telegram foydalanuvchilarining shaxsini aniqlash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni uzatishni boshlagani haqida xabar berilgandi.