Tel-Aviv G‘azo sektorini egallash niyatida emas – Isroilning BMTdagi elchisi
Olam
−
16 Oktabr 2023 5412 3 daqiqa
Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Isroilning G‘azo sektorini bosib olish niyati yo‘qligini, ammo mamlakat HAMASni yo‘q qilish uchun hamma narsani qilishini aytdi. Bu haqda u CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizning G‘azoni bosib olish yoki G‘azoda qolish niyatimiz yo‘q, biroq biz omon qolishimiz uchun Prezidentning o‘zi (AQSH Jo Bayden – tahr.) aytganidek, yagona yo‘l HAMASni yo‘q qilishdir, buni qilishimiz kerak", deydi Gilad Erdan.
Erdanning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning ustuvor vazifasi HAMAS tomonidan qo‘lga olingan va G‘azo sektoriga olib ketilgan asirdagilarni qaytarish bo‘lib qolmoqda.
Isroilning AQSHdagi elchisi Mayk Gersog esa Isroil bir yarim million falastinliklarning hayotini nazorat qilishdan manfaatdor emasligini bildirgan.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 2750 kishi halok bo‘lgan, 9700 kishi jarohatlangan. G‘arbiy sohilda esa 58 odam o‘lgan, 1250 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,3 ming kishini tashkil etadi. 351 nafar odam esa shifoxonaga joylashtirilgan.