Tehron Zelenskiyni Eronga qarshi tashviqot tarqatganlikda aybladi
Olam
−
28 may 2023
7189Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlaridan qo‘shimcha harbiy va moliyaviy yordam jalb qilish uchun Eronga qarshi tashviqot olib bormoqda. Bu haqda kecha, 27 may kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani ma’lum qildi.
“Ukraina Prezidentining Eronga qarshi soxta bayonotlarining navbatdagi nusxasi Eronga qarshi tashviqot va axborot urushining bir qismidir. Bu G‘arb davlatlaridan yanada ko‘proq qurol va moliyaviy yordam jalb qilishga qaratilgan”, deydi Nosir Kanani.
Shuningdek, Eron TIV vakili Tehronning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda ishtirok etishga tayyorligini tasdiqlagan.
“Eron har doim Ukrainada davom etayotgan urushga qarshi ekanini, Ukraina xalqining dardi va iztirobiga achinishini, mojaroga siyosiy yechim topish zarurligini va uni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini ta’kidlab keladi”, degan diplomat.
Aytish joizki, joriy yilning 24 may kuni Zelenskiy Eronning Rossiyaga dron yetkazib berayotgani sababli tarixning qorong‘u tomoniga borgan sari chuqurroq surilayotganini aytgan. Ukraina Prezidentining bayonotini sharhlar ekan, Kanani Tehron dronlardan foydalanish haqidagi ayblovlarni birgalikda o‘rganishga tayyor ekanini bildirgan. Biroq Kiyev eronlik ekspertlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda.
“Ukraina Eron bilan muzokaralardan qochadi, bu esa da’volarning asossizligini, Respublikaga qarshi bunday ayblovlarning aniq siyosiy maqsadlari va sabablari borligini tasdiqlaydi", deya iddao qiladi TIV vakili.
Ma’lumot uchun, Moskva va Tehron Rossiya Ukrainada foydalanish uchun Eron dronlarini yetkazib berayotgani haqidagi ayblovlarni bir necha bor rad etib keladi. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni bo‘rttirish deb atagan va Rossiya armiyasi mahalliy ishlab chiqarilgan dronlardan foydalanishini ta’kidlagan. O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan Tehron Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlarni yetkazib berganini, biroq bu Ukrainaga bosqin boshlanishidan bir necha oy oldin bo‘lgani va unchalik katta hajmda bo‘lmaganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Ukraina Rossiya tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumlarda Eronda ishlab chiqarilgan 36 ta dronning barchasini urib tushirganini e’lon qilgandi. Bugun, 28 mayga o‘tar kechasi esa Rossiya qo‘shinlari Eronning Shahed-136/131 uchuvchisiz samolyotlari bilan havo hujumi uyushtirgani va uchirilgan 54 drondan 52 tasini yo‘q qilganini e’lon qilindi.
LiveBarchasi