TDYUU talabalariga o‘qituvchilarni tanlash imkoniyati berildi
Jamiyat
−
16 iyun 2021
3554Joriy yil 10 iyunda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 359-son qaror qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent davlat yuridik universitetida hamda Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida ta’limning kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
TDYUU hamda Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida ta’limning kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
• o‘quv rejasi majburiy va tanlov fanlari asosida ishlab chiqiladi hamda ta’lim oluvchiga o‘zining ta’lim dasturini mustaqil shakllantirish imkoniyati yaratiladi;
• ta’lim oluvchi tomonidan muayyan modul (fan) bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasi kreditlar asosida hisoblanadi;
• Adliya vazirligi yuridik texnikumlarida o‘quv yili (semestr) boshida o‘quvchilarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasi shakllantiriladi, o‘quvchilar fan (modul) va o‘qituvchilarni tanlash bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda akademik guruhlar shakllantiriladi;
• har o‘quv yilida o‘quv rejasiga muvofiq dars jadvali shakllantiriladi va o‘quv jarayoni amalga oshiriladi hamda doimiy ravishda ta’lim natijalari bo‘yicha talabaning kreditlari hisoblanadi.
2021–2022 o‘quv yilidan boshlab TDYUUda ta’limning kredit-modul tizimi to‘liq joriy etiladi, bunda TDYUU ta’lim dasturi katalogi va o‘qitish sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda dolzarb axborotlar uning rasmiy veb-saytida ta’lim beriladigan barcha tillarda o‘quv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirgan va uni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga xorijiy oliy ta’lim muassasalarining belgilangan shaklda berilgan diplomlari (bakalavriat, magistratura) qo‘shimcha ma’muriy tartib-taomillarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
TDYUU Kengashi qaroriga muvofiq talabalarga fan doirasida professor o‘qituvchilarni tanlash imkoniyati beriladi. Bunda talabalar ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali o‘quv semestri boshida tanlangan professor o‘qituvchining mashg‘ulotida ishtirok etish uchun onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tadi.
TDYUU o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi Kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeliga (ECTS) muvofiq tashkil etiladi. O‘quv yili uchun ta’lim dasturi bir yoki bir nechta moduldan iborat bo‘ladi hamda TDYUU Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25–30 soatlik o‘quv yuklamasiga teng bo‘ladi. Ya’ni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni to‘plashi uchun ma’lum miqdordagi o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi zarur.
O‘quv yuklamasi quyidagicha taqsimlanadi:
- bakalavriatda – 40–50 foiz auditoriya soati, 50–60 foiz mustaqil ish soatiga;
- magistraturada – 30–40 foiz auditoriya soati, 60–70 foiz mustaqil ish soatiga.
Shuningdek o‘quv dasturiga muvofiq bitiruvchilarning amaliyotni o‘tashi va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tishi uchun kreditlar ajratiladi.
Kreditning soatlardagi miqdori va o‘quv yuklamasi miqdori TDYUU kengashi tomonidan belgilanadi hamda TDYUU veb-saytida joylashtiriladi. Talaba bir semestrda 30 kredit hamda bir o‘quv yilida 60 kredit to‘plashi talab etiladi.
LiveBarchasi