Stenforddagi Falastin tarafdori namoyishchilariga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinadi
Olam
−
09:51 402 2 daqiqa
Stenford universitetining sobiq va amaldagi 5 nafar talabasiga 2024 yildagi Falastin tarafdorligi namoyishi bilan bog‘liq qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinadi. Bu haqda Kaliforniya Bosh prokurori Rob Bonta ma’lum qildi.
Rob Bonta idorasi kecha, 21 sentyabr kuni 5 nafar sudlanuvchi har biri 100 soatdan jamoat ishlarini bajarsa va universitetga jami qariyb 52 ming dollar tovon to‘lasa, ularga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilishini bildirgan.
Santa-Klara okrugi davlat himoyachisi o‘rinbosari Avi Singx, sudlanuvchilardan birini himoya qilgan advokat, barcha ayblanuvchilar “to‘liq tovon to‘lagani va hayotlarini davom ettirishlari uchun katta hajmda jamoat ishlarini bajarishga rozi bo‘lgani”ni aytgan.
Fevral oyida sud hay’ati bir qarorga kela olmaganidan so‘ng, sudya ushbu ish bo‘yicha jarayonni yakunlanmagan deb e’lon qilgan edi. Dastlab 12 nafar namoyishchiga og‘ir jinoyat sifatida baholanadigan vandalizm ayblovi qo‘yilgan, ulardan 7 nafari avvalroq aybini tan olish bo‘yicha kelishuvlar yoki muqobil dasturlarni qabul qilgan.
Prokurorlar ayblovlar qo‘yilgan paytda gumondorlardan kamida biri binoga derazani sindirib kirganini aytgan. Politsiya 2024 yil 5 iyun kuni voqeaga aloqador 13 kishini hibsga olgan, universitet esa bino “keng ko‘lamda” zarar ko‘rganini bildirgan.
Mazkur ayblovlar AQSH kollejlarida 2024 yilda o‘tkazilgan Falastin tarafdori namoyishlar harakati ishtirokchilariga nisbatan qo‘yilgan eng jiddiy ayblovlardan biri bo‘lgan. Namoyishchilar Isroilning G‘azoga hujum va zarbalarini, Vashingtonning o‘z ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlashini to‘xtatishni, shuningdek, universitetlarning Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalardan mablag‘larini chiqarishini talab qilgan.
Namoyishchilar universitet prezidentining binosini falastinlik shifokor Adnan al-Bursh sharafiga “Doktor Adnan ofisi” deb qayta nomlagan. Al-Bursh bir necha oy qamoqda saqlanganidan so‘ng Isroil qamoqxonasida vafot etgan edi.
Ommaviy axborot vositalari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda AQSHda o‘tkazilgan Falastin tarafdori namoyishlar harakati davomida 3 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. Ayrim talabalar o‘qishdan chetlatilgan, universitetdan haydalgan va hatto diplomlaridan mahrum qilingan.
Sud jarayoni yakunlanmagan deb e’lon qilinganidan keyin Santa-Klara okrugi prokurori Jeff Rozen ish bo‘yicha yangi sud jarayoni o‘tkazilishini talab qilishini aytgan. Biroq himoya advokatlari Rozenning avvalgi bayonotlari va boshqa holatlarni keltirib, uning idorasi ishni ko‘rib chiqishdan chetlashtirilishi kerakligini muvaffaqiyatli asoslagan. Shundan so‘ng ishni Kaliforniya Bosh prokurori idorasi o‘z nazoratiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH federal sudyasi Donald Tramp ma’muriyati falastinparvar faolligi va Isroilni tanqid qilgan xorijlik talabalarning vizalarini bekor qilish hamda ularni deportatsiya qilish uchun qo‘llagan qonun normalarini Konstitutsiyaga zid deb topgandi.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr