O‘zbekistonda hindistonliklarni talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati raddiya e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Platforma xorijlik abituriyentlarga O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim dasturlari, qabul shartlari va to‘lov miqdorlari haqida yagona manba orqali ma’lumot olish, hujjatlarni elektron tarzda topshirish va ariza holatini kuzatish imkonini beradi.

“Yangi tizimning asosiy maqsadi – xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarga bog‘liq holatdan chiqarib, oliy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdir. Platformada ro‘yxatdan o‘tish bepul bo‘lib, abituriyent tanlagan oliy ta’lim tashkilotiga bevosita ariza topshirishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, shu bilan birga, O‘zbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan emas, aksincha, uni kengaytirishdan manfaatdor. Bu borada asosiy maqsad xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish, O‘zbekistonning ta’lim olish uchun jozibador mamlakat sifatidagi imkoniyatlarini dunyoning turli davlatlarida keng targ‘ib qilish va ta’lim eksportini barqaror rivojlantirishdan iborat.

Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi esa har bir oliy ta’lim tashkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Bunda ta’lim muassasasining o‘quv auditoriyalari, o‘quv-laboratoriya bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.

Xorijlik abituriyentlarga O‘zbekistonda ta’lim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish, qabul shartlari bo‘yicha ma’lumotlarni bevosita tanlangan oliy ta’lim tashkilotidan olish va turli vositachilarga asossiz to‘lovlarni amalga oshirmaslik tavsiya etiladi. Agar xorijlik abituriyent qabul jarayonida muayyan muammoga duch kelsa, bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari o‘qish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga oshgan.

Mazkur davrda O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan chet el fuqarolari soni mamlakatlar bo‘yicha quyidagicha:

  • Turkmaniston – 9 207 nafar;
  • Hindiston – 3 723 nafar;
  • Tojikiston – 1 915 nafar;
  • Xitoy – 951 nafar;
  • Qirg‘iz Respublikasi – 834 nafar;
  • Pokiston – 689 nafar;
  • Misr – 603 nafar;
  • Koreya Respublikasi – 526 nafar;
  • Filippin – 367 nafar;
  • AQSH – 302 nafar;
  • Boshqa davlatlar – 1 925 nafar.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing