Tbilisida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi

Olam

image

Kecha, 17 aprel kuni kechqurun minglab Tbilisi aholisi Gruziya parlamenti binosi oldida “xorijiy agentlar” haqidagi qonun loyihasini qaytarib olishni talab qilib, yana namoyishga chiqdi. Bu haqda “Rustavi 2” telekanali xabar berdi.

Parlament “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Ovoz berishda faqat parlament ko‘pchilik vakillari ishtirok etdi. Hujjat uchun 83 deputat ovoz berdi. Gruziya muxolifati qonun loyihasi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligini takrorlaydi, deb da’vo qilmoqda.

Kechqurun parlament oldiga yig‘ilgan namoyishchilar rasmiylardan qonun loyihasini bir soat ichida qaytarib olishni talab qildi. Bu amalga oshmagandan so‘ng, namoyishchilar tinch yo‘l bilan hukumat binosi tomon yo‘l oldi va u yerda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashishga erishmoqchi bo‘ldi.

Mahalliy matbuotning yozishicha, hukumat binosi oldindan politsiya tomonidan o‘rab olingan. Namoyishchilar binoga kirishga uringan, ular bilan politsiya o‘rtasida bir necha bor to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, miting chog‘ida ayrim namoyishchilar “tinch namoyish o‘tkazish talabiga bo‘ysunmay, zo‘ravonlik qo‘llagan”. Oqibatda ikki kishi hibsga olingan. Ulardan biridan tig‘li qurol musodara qilingan.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili agar hujjat uch o‘qishda ham qabul qilinsa, “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga veto qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qildi.

"Men haqiqatan ham bu qonunga veto qo‘yaman, mening vetom xalq ovozidir", degan siyosatchi BBC News bilan suhbatda.

Uning fikricha, qonun “ayrim hukumat amaldorlarining Gruziyaning Yevropa integratsiyasiga to‘sqinlik qilish niyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi”.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Tbilisi namoyish xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing