Tbilisida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 14 kishi hibsga olindi (video)

Olam

image

Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Parlament tinglovlari bugun, 16 aprel kuniga belgilandi. Bu haqda “Mtavari” telekanali xabar berdi.

Shundan so‘ng Tbilisidagi parlament binosi yonida norozilik namoyishlari boshlandi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, maydonda Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi plakatlar bilan bir necha ming kishi to‘plangan. Politsiya miting tashkilotchilarini qonunni buzmaslikka chaqirib, ogohlantirish chiqardi.

Tez orada Rustaveli prospektida hibsga olishlar boshlandi. Gruziya Ichki ishlar vazirligi 14 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, namoyishchilarning harakatlari oqibatida bir politsiyachi jarohat oldi.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvilining yozishicha, maxsus kuchlar suv to‘plari bilan “o‘zining Yevropadagi kelajagini himoya qilgan tinch aholiga qarshi chora ko‘rishga” tayyor. 

“Hibslar davom etmoqda. Gruziya qayta sovetlashtirishga taslim bo‘lmaydi”, deb yozadi Zurabishvili.

Ma’lumot uchun, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasi 8 aprel kuni hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan parlamentda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2023 yil bahorida noroziliklardan keyin qaytarib olingan qonun loyihasida “xorijiy agentlar” reestrini yaratish ko‘zda tutilgan edi, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi. Ular yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilishlari kerak bo‘ladi. Qonun loyihasining yangi tahririda “xorijiy ta’sir agenti” atamasini “xorijiy davlat manfaatlarini ko‘zlayotgan tashkilot” bilan almashtirishga qaror qilindi. 15 aprel kuni parlament yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 aprel kuni Gruziya parlamentining muxolifatdagi “Fuqarolar” partiyasi a’zosi Aleksandr Elisashvili "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi ijrochi kotibi, parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuka Mdinaradze bilan mushtlashib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Tbilisi xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing