Toshkentdagi yulduzli boks oqshomi. Tayson nega Jalolovning jangini tark etdi?
Sport
−
18 noyabr 2023
51672Toshkent yana bir yirik sport anjumaniga mezbonlik qildi. Besh kun davomida poytaxtda Butunjahon boks ittifoqining (WBC) yillik Konvensiyasi bo‘lib o‘tdi. Toshkentga kelgan afsonalar Mayk Tayson, Evander Xolifild va o‘zbek bokschilarining profboksdagi navbatdagi janglariga bugungi dasturda alohida to‘xtalamiz.
Assalomu alaykum. Sezganingizdek QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti.
12 noyabrdan 17 noyabrga qadar poytaxtda WBC'ning yillik 61-Konvensiyasi o‘tkazildi. Konvensiyaning yillik hisobot tadbirlarida jahon boksi afsonalari ishtirok etdi. Jumladan Evander Xolifild, Aleksandr Usik, Amirxon, Konstantin Szyu va boshqa bir qator boks yulduzlari Toshkentda mehmon bo‘ldi. Afsonaviy “temir” Mayk Tayson esa Toshkentga 16 noyabrga o‘tar kechasi keldi. Taysonning Toshkentdagi sarguzashtlari haqidagi dasturni esa QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida kuzatishingiz mumkin.
Shuningdek, hafta davomida YouTube sahifamizga Evander Xolifild va Aleksandr Usik bilan intervyu, o‘zbek bokcchilari ishtirokidagi matbuot anjumanlari va face-to-face marosimlariga oid eksklyuziv lavhalar berib borildi.
Hozir esa e’tiborni boshqa ma’lumotlarga va 17 noyabr kunida bo‘lib o‘tgan jang oqshomiga qaratsak.
Xo‘sh, Toshkentga kelishi kutilgan mehmonlardan kimlar poytaxtga kelmadi? Rasmiy tadbirlar boshlanmasidan avval professional boks federatsiyasi o‘z sahifalarida britaniyalik taniqli bokschi, kelgusi yil superog‘ir vaznda 17 fevral kuni Saudiya Arabistonida Aleksandr Usik bilan mutlaq chempionlik jangini o‘tkazadigan Tayson Fyuri Toshkentga kelmadi. Bunga sabab sifatida, uning jang qilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagani va Londonda Usik bilan sterdaunda ishtirok etishi ko‘rsatildi.
Usik Toshkentdan to‘g‘ri Londonga yo‘l oldi va u yerda Fyuri bilan sterdaunda ishtirok etdi.
Toshkentga shuningdek, angliyalik yana bir mashhur bokschi Nasim Hamid kelishi kutilgandi, lekin u ham WBC tadbirlarida ko‘rinish bermadi. Tojikistonlik mashhur bloger Abduroziq ham O‘zbekistonga kelishni istamadi chog‘i, tashkilotchilar uning o‘rniga mahalliy blogerlarning xizmatidan foydalandi.
QALAMPIR.UZ'ning ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentga kelgan mehmonlarning keldi-kettisiga taxminan 600 ming AQSH dollari atrofida pul sarflangan. Bu ma’lumotni 100 foiz ishonchli deya olmaymiz, balki yanada aniqroq ma’lumotlar bu summaning nollarini ko‘paytirar.
17 noyabr kuni “Humo arena”da o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokida turnir bo‘lib o‘tdi. Meynkardda jang qilgan barcha o‘zbekistonlik bokschilar g‘alabaga erishdi.
-57,1 kg vazn toifasida tashkil etilgan jangda Xalokovga ukrainalik Aleksandr Yegorov raqiblik qildi. O‘zbekistonlik bokschi bahsning ikkinchi raundida Ukraina vakilini texnik nokautga uchratdi va o‘zining profboksdagi debyutini muvaffaqiyatli boshladi.
8 raundga mo‘ljallangan yana bir jangda minimal vaznda Mirazizbek Mirzahalilov xitoylik raqibini ochkolar hisobi bilan mag‘lub etdi.
Yarim o‘rta vaznda Qudratillo Abduqahhorov tanzaniyalik raqibidan ustun keldi.
Janglar davom etayotgan bir vaqtda afsonaviy Mayk Tayson “Humo arena”ga kirib keldi. Unga Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov, Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitasi rahbarlari va bir qator boshqa amaldorlar hamrohlik qildi.
Otabek Umarov Butunjahon boks ittifoqining yillik 61-Konvensiyasi doirasida Mayk Taysonga WBC chempionlik kamarini topshirdi, biroq “temir” Mayk Bahodir Jalolovning jangini boshlanishini kutib o‘tirmadi va biroz vaqt o‘tib u joy olgan mashina “Humo arena”ni tark etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning farzandi Miralisher Mirziyoyev ham "Humo arena"ga kelib, o‘zining sevimli bokschisi Bahodir Jalolovning jangini boshlanishini intiq bo‘lib kutdi.
Jalolovning jangi startidan avval kechaning yana bir asosiy mehmoni Evander Xolifildga Otabek Umarov va Adham Ikromov tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nihoyat markaziy jang. Taxminan tungi 1 larga yaqinlashganda Jalolov va uning raqibi JARlik Kris Tompson ringga taklif qilindi.
Bahodir Jalolov ham “Humo arena”ga kelganlarni arenada uzoq qolishini istamadi chog‘i, raqibini 1 daqiqa-yu 10 soniyada nokautga uchratdi. Hamma xursand, barcha yuqori kayfiyatda majmuani tark etdi. Otabek Umarov va boshqa rahbarlar, kechaning bosh qahramoni Bahodir Jalolov milliy gvardiya xodimlarining kuzatuvi ostida majmuadan chiqib ketdi.
Shunday qilib Toshkent mezbonlik qilgan yirik sport anjumani o‘z nihoyasiga yetdi.
LiveBarchasi