Tailand 10 yil ichida ilk bor uyg‘urlarni Xitoyga deportatsiya qildi
Olam
−
28 fevral 2025 4196 2 daqiqa
Tayland hukumati huquq himoyachilari va AQSH rasmiylarining ehtimoliy qiynoqlar va qamoq jazosi xavfi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay 40 nafar uyg‘ur qochqinni Xitoyga deportatsiya qildi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Mazkur uyg‘urlar guruhi Taylandda 10 yildan ortiq vaqt davomida hibsda saqlangan. Ular 2014 yilda Xitoydan qochib chiqqanidan keyin qo‘lga olingan 300 kishilik katta guruhning bir qismi bo‘lgan. Xitoy rasmiylari esa uyg‘urlar muntazam ravishda huquqbuzarliklarga duchor bo‘layotgani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Tayland milliy politsiyasi boshlig‘i Kitrat Fanphet 40 kishining deportatsiya qilinganini tasdiqlab, Xitoy hukumati ushbu guruhga g‘amxo‘rlik qilishga tayyorligini bildirganini aytdi. Xitoy Ijtimoiy xavfsizlik vazirligi ham Taylandga noqonuniy borgan 40 nafar Xitoy fuqarosi deportatsiya qilinganini e’lon qilgan, biroq ularning etnik kelib chiqishini aniq ko‘rsatmagan. Xitoy hukumati deportatsiya jarayoni ikkala davlat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilganini va deportatsiya qilingan shaxslarning huquqlari himoya qilinishini kafolatlagan.
Huquq himoyachilari va tailandlik qonunchilar Tayland hukumatining bu harakatini keskin qoralagan. Hukumat ilgari uyg‘urlarni deportatsiya qilish rejalari yo‘qligini bildirgan. Muxolifat deputati Kannavi Syubsang jamoatchilik oldida hukumat harakatlaridan noroziligini bildirib, muqobil yechim izlash zarurligini ta’kidlagan.
Human Rights Watch'ning Osiyo bo‘yicha direktori Eleyn Pirson esa deportatsiyani Taylandning ichki va xalqaro majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzish deb atagan hamda deportatsiya qilinganlarning xavfsizligidan xavotir bildirgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan huquq himoyachilari tanqidini rad etib, Xitoyda qonun ustuvorligi va barcha etnik guruhlar, shu jumladan uyg‘urlar huquqlari himoyalanganini ta’kidlagan. U tanqidchilarni inson huquqlarini himoya qilish niqobi ostida Xitoyning ichki ishlariga aralashishda ayblagan.
Ma’lumot uchun, 2015 yilda ham Tayland 100 dan ortiq uyg‘urni Xitoyga deportatsiya qilgani uchun tanqidga uchragan. Qolgan guruhning katta qismi Turkiyaga yuborilgan, 53 kishi esa Taylandda qolgan. BMT ekspertlari ma’lumotiga ko‘ra, ulardan besh nafari, jumladan ikki bola vafot etgan. Hozirda qolgan 48 uyg‘urning yarmi og‘ir kasallikka chalingan. Kecha, 27 fevral kuni deportatsiya qilinmay qolgan deb taxmin qilinayotgan 8 nafar uyg‘urning taqdiri esa noma’lumligicha qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Shinjondagi eng ko‘p sonli etnik ozchiliklardan biri uyg‘urlar bo‘lib, ularning aksariyati Islom diniga e’tiqod qiladi. 2018 yil avgust oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma’lum qilganidek, ushbu millat vakillarining 1 million nafarga yaqin vakillari Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi “axloq tuzatish lagerlarida” noqonuniy hibsga olingani haqida ma’lumot olgan. XXR hukumati bunday xulosalarni bir necha bor rad etgan.