Tayinlovlar davom etadi: hokimi o‘zgargan tumanlar yettitaga yetdi
Jamiyat
−
22 dekabr 2021
11912Bugun, 22 dekabr kuni xalq deputatlari Qorako‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Qorako‘l tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Sherali Husanovich Salomov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi.
Sessiyada Qorako‘l tumani hokimi lavozimiga Xurshid Yahyoyevich Tohirovning nomzodi xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Ma’lumot o‘rnida, Xurshid Tohirov 1976 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini hamda 2007 yilda Toshkent Moliya institutini bitirgan. Mutaxassisligi — transport vositalaridan foydalanish va moliya.
U mehnat faoliyatini 1995 yilda Romitan tumani moliya bo‘limi hisobchisi sifatida boshlab, 2001-2005 yillarda Romitan tumani moliya bo‘limi bosh hisobchisi, 2005-2017 yillarda Romitan tumani moliya bo‘limi mudiri va moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari, 2017-2019 yillarda Romitan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Ayni vaqtga qadar u Romitan tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Avvalroq Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Umidjon Barnoyev Romitan tumaniga hokim etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Samarqandning Bulung‘ur va Oqdaryo, Namanganning Kosonsoy, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlariga yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi