Tataristonda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oilalariga 2 mln rubldan beriladi
Olam
−
13:47 2869 2 daqiqa
Avvalroq, Tataristonda Ukraina hujumlari oqibatida 13 kishi, jumladan, 8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisada halok bo‘lganlarning oilalariga 2 mln rubldan beriladi. Bu haqda Nijnekamsk meri Radmir Belyayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Tatariston rahbari Rustam Minnixanovning qarori bilan halok bo‘lganlarning oilalariga 2 million rubl miqdorida to‘lov nazarda tutilgan. Jabrlanganlarga esa jarohatning og‘irlik darajasiga qarab 300 ming rubldan 600 ming rublgacha to‘lanadi.
Bundan tashqari, qisman va to‘liq yo‘qotilgan mol-mulk uchun ham to‘lov nazarda tutilgan: birinchi darajali zaruriy mol-mulk to‘liq yo‘qotilganda – 156,7 ming rubl, qisman yo‘qotilganda – 78,4 ming rubl. Moliyalashtirish Tatariston Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hujum oqibatida halok bo‘lgan qizchaning onasi ishlaydigan korxona oilaga 2 million rubl miqdorida qo‘shimcha yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, munitsipalitet byudjetidan oila uchun yana 1 million rubl ajratilgan.
QALAMPIR.UZ’ning Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘lanib, aniqlik kiritishicha, kompensatsiya pullari o‘zbekistonlik marhumlarning ham oilalariga ajratiladi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 78 kishi shifokorlarga murojaat qilgan, ulardan 27 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanglar orasida 2 nafar Tojikiston fuqarosi va 1 nafar turkiyalik shaxs bor. Turkiyalik bemor holidan mamlakat delegatsiyasi xabar olgan va vatandoshini qutqarib qolishgani uchun shifokorlarga minnatdorlik bildirgan.
“Diplomatlar avvaliga bosh shifokorga shahardagi fojia munosabati bilan hamdardlik bildirishdi, so‘ng xalatlarni kiyib, xirurgiya bo‘limiga o‘tishdi. Vatandosh bilan uchrashuv juda issiq muhitda o‘tdi, bemorga hamyurtlari tomonidan ko‘rsatilgan bunday e’tibor juda yoqdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, hodisadan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Live
Barchasi