Tataristondagi fojiada asosiy qurbonlar – o‘zbeklar
Jamiyat
−
20:13 1176 3 daqiqa
Ukrainaning Tataristonga dron hujumi ortidan 8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Fojia sodir bo‘lgan Nijniy Kamskda motam e’lon qilindi. Tatariston rahbari Rustam Minnixonov O‘zbekiston Prezidentiga hamdardlik bildirdi. Hujum oqibatida jabrlangan o‘zbekistonliklar holidan xabar oldi.
Tataristondagi fojia
10 avgust kuni ertalab Ukraina dronlari Tatarstonning Nijnekamsk shahriga hujum qildi. Hujum oqibatida halok bo‘lgan 13 kishining orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Nijnekamsk meri Radmir Belyayev halok bo‘lganlar orasida bola ham borligini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, dronlar sanoat ob’ektlaridan tashqari turar joylarga ham zarba bergan. Hujum oqibatida respublikada motam e’lon qilingan.
Hujum qurbonlari orasida 8 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu hodisa oqibatida Nijnekamsk shahri hududida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan jami 8 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgan hamda yana bir nechta o‘zbekistonliklar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir Abdulla Aripovning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.
Unga ko‘ra, Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar olish va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarni esa havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.
Shu bilan birga, farmoyishga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Maxsus ishchi guruh Rossiya Federatsiyasiga yuborilib, barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tatariston rahbari Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi
Tatariston rahbari Rustam Minnixonov Nijnekamskdagi dron hujumida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonga hamdardlik bildirdi.
Hujum tufayli Tojikistonning bir nafar fuqarosi va O‘zbekistonning 8 fuqarosi halok bo‘lgan. Minnixonov telegrammalarda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga barcha zarur yordam ko‘rsatilishini qayd etdi.
“Qaytarib bo‘lmas yo‘qotish dardini baham ko‘ramiz. Shu og‘ir damlarda dahshatli terror qurbonlarining oilalari bilan birgamiz. Ularga matonat, ruhiy kuch va sabr, barcha jabrlanganlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman”, deb yozdi Minnixonov.
Nifoq qo‘zg‘atuvchi hujum – Zaxarova
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukraina Qurolli kuchlari Nijnekamskdagi xorijliklar istiqomat qiladigan hududga Rossiyaning do‘st mamlakatlar bilan qardoshlik munosabatlariga nifoq solish maqsadida ataylab zarba berganini ta’kidladi.
“Kiyev neonatsistlari xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik munosabatlariga raxna solish maqsadida bizga do‘st bo‘lgan davlatlar vakillarining yashash va ishlash joylariga atayin zarba bergan”, deya ta’kidladi u.
Zaxarova xalqaro hamjamiyatni Zelenskiy rejemining harakatlarini qoralashga chaqirdi.
“Ukraina Qurolli kuchlarining terrorchilik harakatlari oqibatida nafaqat rossiyalik tinch aholi, balki boshqa mamlakatlar fuqarolari ham jabr ko‘rmoqda. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz. Xalqaro hamjamiyatning barcha a’zolarini ukronatsistlarning vahshiyona jinoyatlarini qoralashga chaqiramiz”, deydi Zaxarova
Hujum oqibatida 13 kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘lgan. 78 kishi yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ukraina qurolli tuzilmalari tomonidan Tatariston Respublikasining sanoat va fuqarolik ob’ektlariga uyushtirilgan terrorchilik hujumi ortidan Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Respublikada motam e’lon qilindi.
Live
Barchasi