Tataristondagi fojiada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari vatanga olib kelindi
3-sahifa
−
11:39 3000 2 daqiqa
Tataristondagi dronlar hujumi oqibatida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari vatanga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Avval xabar qilinganidek, 2026 yil 10 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahrida joylashgan qator ob’ektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) orqali hujum sodir bo‘lgandi.
Hodisa oqibatida Nijnekamsk shahridagi qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, yana bir qator O‘zbekiston fuqarolari esa turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonalarga joylashtirilgan.
Vazirlikning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakatning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botir Asadov hamda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Nodir Qosimov zudlik bilan voqea joyiga borib, mahalliy mas’ul idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
.jpg)
Natijada, 12 avgust kuni maxsus aviareys orqali halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelingan.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mazkur holat bilan bog‘liq barcha masalalar, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olingani bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tatariston rahbari Rustam Minnixonov Nijnekamsk shahriga dronlar hujumi oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining halok bo‘lishi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonga hamdardlik telegrammasini yo‘llagandi.
Live
Barchasi