Tatyana Karimova Birinchi Prezident qabrini ziyorat qildi
Jamiyat
−
02 Sentabr
10522O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimova Birinchi Prezident Islom Karimovning xotirasini yod etdi. Bu haqda u Instagram’dagi sahifasida post qoldirdi.
Tatyana Karimova o‘z sahifasida Birinchi Prezidentning qabriga gul qo‘yayotgani aks etgan rasmni joylagan va quyidagicha izoh qoldirgan:
“Olloh taolodan rahmatli Birinchi Prezidentimizning Vatan ozodligi, yurt tinchligi, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash va el farovonligi yulidagi solih amallarini qabul aylashini va oxiratlarini obod qilishini so‘raymiz. Joyingiz jannatda bo‘lsin. Qalbimizda abadiy yashaysiz...” deb yozgan Karimova.
26 avgust kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ygandi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qilgandi.
Ma’lumot uchun, Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab 78 yoshida vafot etgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sana Islom Karimovni xotirlash kuni, deya e’lon qilingan. Prezidentning 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlar qilingan. Mamlakatdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berilgan. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilinib, Samarqandda maqbara barpo etilgan edi.